Nega homilador ayollar Torch-infektsiyasiga tahlil topshirishi shart?
2024-09-05 15:10:00 / Yangiliklar

Xo'sh, bu viruslar guruhi nimasi bilan xatarli?
Ushbu savolga Respublika perinatal markazi direktori Nilufar O'rinboeva javob berdi.
— Tug'ilajak farzandning sog'lom dunyoga kelishi, eng avvalo, onaning salomatligiga bog'liq, — deydi mutaxassis. — Shu sababli har bir ayol homiladorlikka oldindan tayyorgarlik ko'rishi lozim. Qolaversa, bu jarayonda davolovchi shifokor (ginekolog) bilan bamaslahat ish ko'rish, turli viruslardan ehtiyot bo'lish talab etiladi. Shulardan biri TORCH infektsiyalaridir.
XX asrning 70-yillarida olimlar tomonidan alohida infektsiyalar guruhi shakllantirildi. Mazkur guruhga kiritilgan infektsiyalar lotincha nomlarining birinchi harflariga ko'ra TORCH-infektsiyalari deb ataladi.
Ya'ni:
TO - toksoplazmoz (Toxoplasmosis);
R - qizilcha (Rubella);
C - tsitomegalovirus infektsiyasi (Cytomegalovirus);
H - gerpes infektsiyasi (Herpes simplex virus).
Aslida bu infektsiyalar aksariyat odamlarda bolalikdan bo'lishi mumkin va hayoti davomida ular sog'ligiga jiddiy zarar etkazmaydi. Ammo ayolning homiladorlik davrida immuniteti pasaygan vaqtda ular xavfli hisoblanadi.
Shuni aytish kerakki, TORCH-infektsiyalari o'z vaqtida aniqlanmasa, tug'ilajak bolada jiddiy asoratlar keltirib chiqarishi mumkin. Xususan, ular homilaning barcha tizimlari va organlariga, ayniqsa, uning Markaziy asab tizimiga zararli ta'sir ko'rsatishi, homila tushishi, o'lik tug'ilishi xavfini oshiradi.
Shuningdek, mazkur infektsiyalar tufayli homilaning ko'z, quloq, yurak va boshqa organlari zararlanishi, bola noraso dunyoga kelishi (kichik bosh yoki mikrosefaliya) ehtimoli mavjud. Shu boisdan ko'pincha homilador ayolning TORCH-kompleksi infektsiyalari bilan kasallanishi homiladorlikni to'xtatish uchun to'g'ridan-to'g'ri ko'rsatma hisoblanadi.
Shu sababli ushbu tekshiruvdan homiladorlikni rejalashtirishdan avval o'tish zarur. TORCH-infektsiyalarini barvaqt aniqlash ularni davolash va profilaktik tadbirlarni o'z vaqtida amalga oshirish imkonini beradi.
(Davomi bor)
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
