Raqamlashtirish tufayli shifokor bor diqqatini bemorlarni samarali davolashga qaratmoqda
2024-06-02 10:05:00 / Yangiliklar

Markazda davolanmoqchi bo'lgan bemor ushbu tibbiyot muassasasiga kelmasdan turib, mazkur tizim bilan qamrab olinadi. U uyida o'tirib ham, onlayn tizim yordamida avvaldan tashrif uchun o'zi istagan vaqt va shifokorni tanlashi mumkin. O'tgan yili ishga tushgan va 24/7 rejimida ishlab turgan Call markazga qo'ng'iroq qilish orqali bemor kerakli ma'lumotlarni olib, shifokor qabuliga onlayn tarzda yoziladi.
Buning natijasida bemor o'zi uchun qulay va bo'sh vaqtida avvaldan ro'yxatdan o'tkazilgan tibbiy karta orqali markazga tashrif buyurishi mumkin. Qabulga oldin yozilgan bemor kelganidan so'ng hech qanday navbat kutmaydi hamda uni kutib olish va xizmat ko'rsatish uchun alohida xodim biriktiriladi.
Shuningdek, bemorlar ro'yxatxonada taqdim etilgan raqamlar orqali xonalarga kirishi ham tartibga solingan. Tizim samarasi o'laroq, navbatlar sezilarli tarzda kamaydi va xizmat ko'rsatish sifati yanada oshmoqda.
Ro'yxatga olish, shifokorlar qabuli, yo'llanmalar berish, tashxis qo'yish va boshqa tibbiy xizmatlardan foydalanish jarayoni to'liq avtomatlashtirildi.
Bundan tashqari, markazning hududiy filiallari tomonidan bemor yashab turgan joyida sifatli xizmat ko'rsatilishi ta'minlangan. Bu esa, o'z navbatida, bemorning ortiqcha ovoragarchiligi va qiyinchiliklarining oldini oladi va qisqa muddatlarda o'z hududida xizmatlardan foydalanish imkonini yaratadi.
Teletibbiyot davolash tizimiga ham joriy etilgan bo'lib, bu markaz va uning hududiy filiallarida muassasaning malakali shifokorlari va chet ellik mutaxassislar bilan konsilium o'tkazish imkonini beradi. Tizim orqali shifokorlar muolajalardan avval va keyin bemorning teri holatini Real vaqt rejimida baholay oladilar.
E'tiborlisi, markazdagi ushbu sharoitlar tibbiyot turizmining rivojlanishiga ham keng yo'l ochmoqda. Jumladan, o'tgan yili davolanish uchun 3,5 ming nafarga yaqin chet ellik fuqaro kelgan bo'lsa, bu yilning birinchi choragida ushbu ko'rsatkich 800 nafarga yaqinlashdi. Bu raqamlar yil sayin oshib bormoqda.
Axborot tizimlarining samaradorligi tufayli vaqt tejalishi hisobiga shifokorlar ish yuklamasi bir necha barobarga kamaytirildi va natijada bemorlarni kunlik qabul hajmi 170 dan 300 tagacha ortdi.
Elektron tizim tadbiq etilishining yana bir afzalligi shundaki, qog'oz shaklidagi hisobotlarning qariyb 95 foizi raqamli shaklga o'tkazildi. Moliyaviy hisobotlar, dori-darmon sarflanishi, tibbiy muolajalar o'tkazilishida "odam faktori" minimallashtirildi.
Hattoki, bemor uchun buyurilgan dori-darmon va ko'rsatmalar haqidagi ma'lumotlar ham avtomat ravishda hamshiralarga yuboriladi, ular esa o'z navbatida bemorga kerakli muolajalarni amalga oshirishadi. Bu esa tibbiyot xodimlarining vaqtini tejash, bor diqqatini bemorning samarali davosiga yo'naltirish, texnik xatoliklarni bartaraf etishga xizmat qilmoqda.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
