"Tez yordam" tizimida aholiga nechta reanimobil xizmat ko'rsatmoqda?
2024-04-12 09:45:00 / Yangiliklar

Xususan, Sog'liqni saqlash vazirligi tomonidan "103" xizmatida eskirgan avtoulovlarni bosqichma-bosqich zamonaviylariga almashtirish choralari ko'rilyapti.
Aytish kerak, bundan 6-7 yil avval "tez yordam"da jami 1868 ta avtomashina bor edi. 2024 yilning ayni davriga kelib esa 3122 ta avtotransport vositasi aholiga sifatli xizmat ko'rsatyapti.
Jumladan, 2021 yil "103"da "B" toifali 435 ta reanimobil bo'lgan bo'lsa, bugun bunday avtoulovlar soni 577 tani tashkil etmoqda.
Ularning:
227 tasi "Ford";
216 tasi "Hyundai";
46 tasi "Toyota";
88 tasi "Nissan" kabi zamonaviy avtotransport vositalaridir.
Mazkur avtomashinalarning qulayligi shundaki, ularda tezkor reanimasiya va yo'l-yo'lakay jarrohlik amaliyoti o'tkazish imkoni mavjud. Zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan ushbu avtoulovlar xalqaro talablarga to'la mos kelib, uning ichki qismi bemor va tibbiy brigada xodimlarining qulay joylashishi imkonini beradi.
Ma'lumot o'rnida o'tgan 2023 yil Respublika tez tibbiy yordam markazi avtoparki 685 ta, joriy yil fevral va mart oylarida yana 100 ta A toifali "Volkswagen Caddy" avtoulovlari bilan boyidi. Natijada bugunga kelib, tizimda bunday avtotransport vositalari soni 800 dan oshdi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
