Poliklinikaga kelgan bemor nima uchun avval oilaviy shifokor ko'rigidan o'tishi kerak?
2024-04-05 15:55:00 / Yangiliklar

Sug'urta mexanizmining to'liq yo'lga qo'yilishi bilan sog'liqni saqlash tizimiga ajratilayotgan mablag'lar doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko'lamining kengaytirilishi orqali aholining barcha qatlamlarini sifatli tibbiy xizmat bilan qamrab olish darajasi oshishi, tibbiy xizmatlar bozorida zamonaviy raqobat muhitining yaratilishi, shu asosda aholining kafolatlangan va sifatli tibbiy yordam olish imkoniyatlarini kengaytirishga erishiladi.
Ma'lumki, tibbiyot tizimi, aholiga sifatli tibbiy yordam ko'rsatish birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xizmatidan boshlanadi. Shu sababli davlat tibbiy sug'urtasi mexanizmlarini joriy etish doirasida oilaviy poliklinikalarda aholi o'rtasida kasalliklar profilaktikasini kuchaytirish, bemorlarning birinchi navbatda oilaviy shifokorga biriktirilishi va uning ko'rigidan o'tishini ta'minlashga erishish maqsad qilingan.
Quyida bemorning kasallik sababli poliklinikaga birinchi bor kelganida bosib o'tadigan yo'nalishi keltirilgan.
Unda ko'rsatilishicha, fuqaro tibbiyot muassasasiga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan kelishi kerak va uning ma'lumotlari "elektron poliklinika" tizimiga kiritiladi. Shundan so'ng u ro'yxatxonada navbat raqamini olib, o'z hududining amaliyotchi hamshirasiga uchraydi. U esa shifokor oldi ko'rigini o'tkazadi: bemorda yurak kasalliklari va qandli diabetning erta bosqichini aniqlash maqsadida skrining qiladi, qon bosimini tekshiradi va hokazo.
So'ng bemorni unga biriktirilgan oilaviy shifokor ko'rikdan o'tkazadi, zarur bo'lsa, tor soha mutaxassisiga yo'naltiradi. Har bir shaxs oilaviy shifokor ko'rigidan o'tishi kerak. Chunki aynan u fuqaroning yoshligida qanday kasallik bilan og'rigani, nimaga allergiyasi borligi, avval qanday muolajalar olgani, qon guruhi singari barcha ma'lumotlarga ega bo'ladi. Bu ma'lumotlar esa raqamlashtirilgan tarzda bo'lishiga erishish yo'lidagi tadbirlar respublika bo'ylab bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
