Sog'liqni saqlash vazirining tegishli buyrug'i bilan tizimda qator tayinlovlar amalga oshirildi
2025-09-06 09:25:00 / Yangiliklar

Alijanov Abrorjon Alijon o'g'li Sog'liqni saqlash vazirligining tibbiy yordamni tashkillashtirish departamenti boshlig'i etib tayinlandi.
A. Alijanov 2003 yil Andijon davlat tibbiyot institutining bakalavriat, 2006 yil mazkur oliy o'quv yurtining magistratura bosqichlarini tamomlagan.
Turli yillarda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialining abdominal xirurgiya bo'limida jarroh, xodimlar bo'limi boshlig'i, filial bosh shifokori o'rinbosari hamda direktori, shuningdek, Sog'liqni saqlash vazirligining tibbiy xizmat sifatini nazorat qilish boshqarmasi boshlig'i kabi lavozimlarda ishlagan.
A. Alijanov tayinlovga qadar Sog'liqni saqlash vazirligi nazorat inspektsiyasi boshlig'i vazifasida faoliyat ko'rsatib kelayotgan edi.
***
Eraliev Umidjan Ergashovich Sog'liqni saqlash vazirligining onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig'i etib tayinlandi.
U. Eraliev 2009 yil Toshkent pediatriya tibbiyot institutining bakalavriat, 2012 yil Toshkent tibbiyot akademiyasining magistratura bosqichlarini tamomlagan.
Turli yillarda Toshkent tibbiyot akademiyasi menejment, tibbiy biologiya, biotibbiyot muhandisligi va oliy ma'lumotli hamshira fakulteti hamda 2-son davolash fakulteti dekani, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi Sog'liqni saqlash va tibbiy sug'urta tizimini joriy qilish sho''basi bosh konsultanti kabi mas'ul lavozimlarda ishlagan.
Tibbiyot fanlari doktori (DSc) u. Eraliev tayinlovga qadar O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi Sog'liqni saqlashni rivojlantirish sho''basi bosh inspektori vazifasida faoliyat ko'rsatib kelayotgan edi.
***
Sultanov Davron Taxirovich Sog'liqni saqlash vazirligining nazorat inspektsiyasi bo'limi boshlig'i lavozimiga tayinlandi.
D. Sultanov 2005 yil Toshkent davlat tibbiyot institutining bakalavriat, 2013 yil Toshkent pediatriya tibbiyot institutining magistratura bosqichlarini tamomlagan.
Turli yillarda Sog'liqni saqlash vazirligi nazorat inspektsiyasining Toshkent shahri bo'yicha boshlig'i, Toshkent shahar tez tibbiy yordam stantsiyasi bosh shifokori, Toshkent shahar sog'liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig'i, Vazirlar Mahkamasi apparatining ta'lim, sog'liqni saqlash va sport kotibiyati bosh mutaxassisi, Bosh vazir kotibiyati axborot-tahlil va yuridik ta'minlash departamenti, shuningdek, ijtimoiy rivojlanish bo'limi bosh mutaxassisi, Sog'liqni saqlash vazirining birinchi o'rinbosari vazifasini bajaruvchi kabi mas'ul lavozimlarda faoliyat ko'rsatgan.
Tibbiyot fanlari bo'yicha falsafa doktori D.Sultanov tayinlovga qadar O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi ijtimoiy rivojlanish departamenti sho''ba mudiri lavozimida ishlab kelayotgan edi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
