Respublika ko'z mikroxirurgiyasi markaziga yil boshidan buyon 500 nafarga yaqin chet ellik bemor murojaat qildi
2025-04-09 09:35:00 / Yangiliklar

Xususan, xavfli ko'z kasalliklarini erta aniqlash va davolash, yuqori texnologik muolaja usullarini amaliyotga joriy etish borasida sezilarli natijalar qo'lga kiritilmoqda.
Buning samarasi o'laroq, ko'plab noyob operasiyalarni nafaqat poytaxt, balki yurtimizning eng olis hududlarida ham muvaffaqiyatli bajarish imkoni yaratilyapti.
Respublika ixtisoslashtirilgan ko'z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mamlakatimizda ana shunday murakkab amaliyotlarni o'tkazish borasida etakchi muassasa hisoblanadi.
— Bugungi kunda zamonaviy oftalmologiya va ko'z mikroxirurgiyasi sohasi shu qadar rivojlanib bormoqdaki, ilgari davolash mushkul bo'lgan ko'pgina kasalliklarni butunlay bartaraf etishga erishyapmiz, — deydi markaz direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Azamat Yusupov.
— Jumladan, joriy yilning o'tgan davrida klinikamizda qaytalangan glaukomada kollagen bioinert drenaj bilan ushbu xastalikka qarshi jarrohlik amaliyoti, ko'zning torik sun'iy gavhari (IOL) dislokasiyasida uni skleraga tikish va to'r parda kasalliklarida epiretinal membranani vitrektomiya amaliyotisiz olish kabi noyob operasiyalarni ilk bor yo'lga qo'ydik.
Natijada yil boshidan muassasada jami 3430 ta operasiya bajarilib, shundan yuqori texnologik amaliyotlar soni qariyb 1915 tani tashkil etdi. Shuningdek, shu yil yanvar-mart oylarida muassasada 5 ta yangi diganostika va davolash usuli amaliyotga tatbiq etilib, ular soni qariyb 300 taga etdi.
Qolaversa, muassasaning hududiy filiallarida 2025 yilning o'tgan davrida jami 11 ta yangi davolash va diagnostika usullari yo'lga qo'yildi. Xususan, Buxoro viloyatida optik biometriya va meybografiya tekshiruvi, Jizzax va Navoiy viloyatlarida optik kogerent tomografiyasi (OCT) joriy etildi.
Andijon, Buxoro, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlarida intravitreal dori vositalari yuborish, Jizzaxda miopiya hamda diabetik retinopatiya kasalliklarida to'r parda to'liq lazer koagulyasiyasi, Navoiyda Gavhar murakkab kasalliklari va anomaliyalarida intrakapsulyar halqa qo'yish, Iolni skleraga tikish singari noyob amaliyotlar bajarilmoqda.
Namangan viloyatida esa evisserasiya jarrohligida "orbital implant" va Qashqadaryo viloyatida yuqori darajali miopiyada katarakta fakoemulsifikasiyasi IOL implantasiyasi, ikkilamchi kataraktada lazerkapsulotomiya, murakkab ko'z kasalliklarida lazeriridotomiya jarrohlik operasiyalari o'tkazilyapti.
Bundan tashqari, chekka hududlarda yashovchi qandli diabet bilan kasallangan 500 nafar bemorda sun'iy intellekt yordamida diabetik retinopatiya skriningi va monitoringi samaradorligini oshirish bo'yicha ishlar olib borilmoqda. Bu orqali tibbiy xodimlar yuklamasini kamaytirish, skrining uchun sarflanadigan vaqtni qisqartirishga erishiladi.
Muassasa maslahat-diagnostika poliklinikasi kunlik 500 qatnovga mo'ljallangan bo'lib, barcha ko'z kasalliklarini tashxislash va davolash uchun zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan.
Markazda tibbiy turizmni rivojlantirishga ham alohida e'tibor qaratilyapti. Jumladan, yil boshidan beri markazga 13 ta davlatdan qariyb 500 nafar bemor murojaat qilib, ularning 92 nafarida jarrohlik amaliyotlari o'tkazildi.
Bemorlarga ko'rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash hamda ularga qo'shimcha qulayliklar yaratish maqsadida klinikada yangi stasionar bo'lim tashkil etildi.
Shuningdek, xorijiy davlat fuqarolari uchun yashil yo'lak tizimi va kuzatuv guruhlari yo'lga qo'yildi. Bu esa tibbiy turizimni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi, shubhasiz.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.

