Urologiya markazi: So'nggi uch oyda 900 dan ziyod yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o'tkazildi
2025-03-31 11:25:00 / Yangiliklar

— Aholi salomatligini mustahkamlash yo'lidagi izlanishlarni izchil davom ettiryapmiz, — deydi markaz direktori Shuhrat Muxtarov. — Yil boshidan buyon 19 ta tashxislash va 17 ta davolash usuli yo'lga qo'yilgani va natijada markazdagi tashxislash 252 taga va davolash usullari 324 taga etkazilgani ham shundan dalolat berib turibdi.
Ayni chog'da 1676 ta jarrohlik amaliyoti o'tkazildi, shundan 907 tasi yuqori texnologik operasiyalardir.
Uchta yangi amaliyot yo'lga qo'yilganini ham aytish zarur. Ular — maxsus mikroskop ostida urug'tizimchasi venlarini bog'lash, prostata bezi xavfsiz gipperplaziyasida tuliy lazerda prostata enukleasiyasi(ThuLEP)dan iborat.
Xalqaro aloqalarni rivojlantirishga katta e'tibor qaratib kelyapmiz.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yanvar oyida Quvayt Arab iqtisodiy rivojlanish fondi mablag'lari hisobiga "robot assistent jarroh" uskunasi keltirildi. U o'rnatiladigan jarrohlik xonalari homiylarning sarmoyasi hisobiga to'liq ta'mirdan chiqarildi.
Ayni shu fond yordami bilan golmiyli lazer va tuli tolali lazer qurilmalari keltirilganligini ham ta'kidlash joiz.
Rossiyalik onkourolog Sergey Darenkov bilan birga yuqori texnologik operasiya — Laparoskopik geminefrureterektomiya amaliyotini o'tkazdik.
Ayni chog'da Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya, Turkiya va Rossiyaning nufuzli tibbiyot muassasalariga xodimlarimizni malaka oshirishga yuborish borasida ish olib borilayotir.
Mamlakatimiz tibbiyotida amalga oshirilayotgan islohotlar markazidan sohani xalqqa yaqinlashtirish masalasi o'rin olgan. Shu bois hududlarda ham yangi davolash usullarini yo'lga qo'yish choralarini ko'rmoqdamiz.
Yil boshidan buyon Farg'ona viloyatida prostata bezining multifokal biopsiyasi, Namangan va Yangiqo'rg'on tumanlarida siydik oqimi tezligini aniqlash (urofloumetriya) diagnostik usuli tatbiq etilgan bo'lsa, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida ichki optik kontakt ureterolitoripsiya davolash usuli o'zlashtirildi.
Hududlardagi hamkasblarimizning malakasini oshirish maqsadida 32 nafar etakchi mutaxassisimiz mahalliy shifokorlar bilan birgalikda 25 ta tumanda aholini tibbiy ko'riklardan o'tkazishdi.
Umuman, markazimizda ko'rilayotgan chora-tadbirlar natijasida nafaqat yurtdoshlarimiz, balki xorijliklarning ham bizga ishonchi mustahkamlanib borayotgani e'tiborlidir.
Buni shu yilning birinchi choragida markazimizga 166 nafar chet el fuqarosi murojat qilgani ham tasdiqlaydi. Ulardan 31 nafari operasiya qilingan, 135 nafari esa ambulator sharoitda muolaja olgan.
Markazimiz jamoasi barcha yo'nalishlardagi natija va ko'rsatkichlarni yanada yaxshilashiga ishonamiz.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
