SOG'LIQNI SAQLASH VAZIRINING TIBBIYOT XODIMLARIGA BAYRAM TABRIGI
2023-11-12 12:30:00 / Yangiliklar

Hurmatli tibbiyot xodimlari! Buyuk Ibn Sino izdoshlari!
Xalq salomatligi yo'lida sidqidildan mehnat qilib kelayotgan siz, aziz hamkasblarimni yurtimizda keng nishonlanayotgan tibbiyot xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etaman. Ushbu bayram har yili mamlakatimiz miqyosida nishonlanib, bu kunda sohada salmoqli natijalarga erishgan tibbiyot xodimlari davlatimizning nufuzli mukofotlari bilan taqdirlanishi ezgu an'anaga aylanib ulgurdi.
Barchamizga yaxshi ma'lum, milliy tibbiyotimiz ko'plab sinovlar, murakkab sharoitlardan o'tib, bugun sohada mutlaqo yangi transformasiya jarayonlari kechmoqda. Ta'bir joiz bo'lsa, O'zbekistonda tibbiyot transformasiyasi uzoq muddatga mo'ljallangan strategiya, umummilliy loyiha darajasida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu loyihani amalga oshirishdagi eng katta kuch, shubhasiz, siz — malakali shifokorlar, mahoratli ustozlar, mehribon hamshiralar hisoblanasiz.
Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning sohaga qaratayotgan yuksak e'tiboriga "labbay" deb javob berishimiz, xalqimiz salomatligini saqlash, ularni tizimdan rozi qilishimiz uchun barcha sharoitlar muhayyo qilinmoqda.
Aziz shifokorlar!
Bugun sog'liqni saqlash tizimidagi ulkan o'zgarishlarni hammamiz ich-ichimizdan his qilib turibmiz. Bir necha yil oldin faqat o'zaro muloqotlardagina xalqaro tajribada tibbiy sug'urta tizimining yuqori natijalari haqida suhbatlashishimiz mumkin edi. Mana, hozirda davlat tibbiy sug'urtasi mexanizmlari tibbiyotimizga shiddat bilan joriy qilinmoqda.
Sog'liqni saqlash tizimini raqamlashtirish, innovasion davo usullarini joriy etish, "elektron poliklinika" tizimining sohaga tatbiq qilinishi tibbiyot xodimlarini ortiqcha qog'ozbozlikdan, bemorlarni esa turli ovoragarchiliklardan xalos etmoqda.
Men ishonch bilan aytishim mumkin, bugun o'zbek shifokorlari har qanday murakkab, yuqori texnologiyali amaliyotlarni bemalol bajarishga qodir!
So'nggi yillarda xirurglarimiz tomonidan yangi tug'ilgan chaqaloqlarda o'tkazilayotgan noyob amaliyotlar, Siam egizaklarini ajratib olish operasiyasi, turli murakkablikdagi kardioxirurgik amaliyotlar, buyrak, jigar va o'zak hujayralari transplantasiyasi va robot xirurg yordamida amalga oshirilayotgan onko-jarrohlik operasiyalar fikrimiz isboti bo'la oladi.
Dunyo hamjamiyati o'zbek tibbiyoti erishayotgan yutuqlarni tan olmoqda. Xususan, mamlakatimizning silga qarshi kurash bo'yicha tajribasi yana bir bor Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti doirasida yuksak baholangani faoliyatimizga berilgan xalqaro darajadagi e'tirofdir.
Shu yilning sentyabr oyida O'zbekiston Birlashgan Millatlar tashkiloti Bosh Assambleyasining sil kasalligi bo'yicha yuqori darajadagi sessiyasiga raislik qilishi ushbu e'tirofning yuksak namunasidir.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining ushbu nufuzli anjumanida mamlakatimiz sog'liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar haqida ma'ruza qilish, vazir, qolaversa, tibbiyot sohasining bir vakili sifatida menga cheksiz g'urur bag'ishladi.
Qadrli hamkasblar!
Odamlar biror xastalikdan dard cheksa, joni og'risa, eng avvalo, kimdan najot kutadi? Albatta, kechayu kunduz yordamga shay, o'z kasbiga, qasamyodiga sodiq tibbiyot xodimlaridan! Buyuk olim Gippokrat: "tabobat – barcha ilm va hunarlar ichida eng qiyini va sharaflisi", deganda naqadar haq edi.
Xalqimiz tibbiyot xodimlarini dunyodagi eng ulug'kasb egalari, fidoyi insonlar sifatida biladi va mashaqqatli mehnatini yuksak qadrlaydi. Bu esa, sizu-bizga katta mas'uliyat yuklaydi.
Tilagim, shu xalq, shu Vatan uchun chin dildan xizmat qilish, elning mehriga sazovor bo'lish shu millat farzandi sifatida barchamizga nasib etsin! Sizga uzoq umr, sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Bayramingiz muborak bo'lsin!
Amrillo Inoyatov,
Sog'liqni saqlash vaziri.
