O'zbekiston — Qozog'iston: Sog'liqni saqlash sohasida hamkorlik aloqalari yanada kengaytiriladi
2025-01-20 17:15:00 / Yangiliklar
Muloqotdan avval mehmonlar O'zbekiston Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi tibbiyot bosh boshqarmasining 1-son Markaziy konsultativ-diagnostika poliklinikasida bo'lib, uning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Ta'kidlanganidek, so'nggi yillarda ikki davlat o'rtasida sog'liqni saqlash sohasida o'zaro manfaatli hamkorlik aloqalari izchil rivojlanmoqda.
Xususan, bugungi kunda 100 nafardan ortiq qozog'istonliklar mamlakatimizning turli tibbiyot oliy ta'lim muassasalarida tahsil olmoqda.
Shuningdek, 2024/2025 o'quv yilidan Buxoro davlat tibbiyot instituti hamda Al-Forobiy nomidagi Qozog'iston milliy instituti hamkorligida qo'shma ta'lim dasturi yo'lga qo'yilgan.
Yurtimiz tibbiyot muassasalarida qozog'istonlik hamkasblar ishtirokida mahorat darslari va ko'rgazmali jarrohlik operasiyalari o'tkazish an'anaga aylangan.
Muloqot chog'ida Sog'liqni saqlash vaziri A. Xudayarov ushbu yo'nalishdagi hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan o'z takliflarini bildirdi.
Uchrashuv chog'ida ikki tomonlama aloqalarning bugungi holati hamda istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Jumladan, Aleksey soy o'zi rahbarlik qilayotgan tibbiyot muassasasida yo'lga qo'yilgan menejment tizimi haqida ma'lumot berdi. Ushbu ilg'or tajriba davlat segmentini raqobatdosh tarmoqqa aylantirishga hamda kadrlar salohiyati va davolash ko'rsatkichlarini yaxshilashga xizmat qilishi qayd etildi.
Shuningdek, delegasiya yurtimizga tashrifi davomida Toshkent tibbiyot akademiyasi, akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, bolalar milliy tibbiyot markazi, yangi qurilgan Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi kabi qator muassasalarda ham bo'lib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishishi ko'zda tutilgan.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.