Ko'z mikroxirurgiyasi: yangi simulyasion markazda yiliga 300 nafar mahalliy va xorijlik mutaxassis malaka oshiradi
2025-01-19 09:25:00 / Yangiliklar

Biroq so'nggi yillarda tizimda kechayotgan yangilanishlar tufayli endilikda ko'plab noyob operasiyalarni nafaqat poytaxt, balki yurtimizning eng olis hududlarida ham muvaffaqiyatli bajarish imkoni yaratilmoqda.
Ayniqsa, Respublika ixtisoslashtirilgan ko'z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va filiallarining ilg'or xalqaro davolash standartlarini amaliyotga joriy etish borasidagi o'rni salmoqli.
— O'tgan yil nafaqat markaz, balki filiallarimiz faoliyatida ham ko'plab yangiliklar kuzatildi, — deydi muassasa direktori Azamat Yusupov. — Joylarda 15 dan ortiq yangi davolash va tashxislash usullari amaliyotga tatbiq qilindi.
Jumladan, Qashqadaryo viloyatida asoratli holatlarda katarakta fakoemulsifikasiyasi va intraokulyar linzani skleraga tikish, Surxondaryoda to'r parda kasalliklarida vitrektomiya amaliyoti, Navoiyda shox parda astigmatizmi mavjud bemorlarda TORIC Iolni hisoblash va glaukoma xastaligida mikroimpulsli transskleral tsiklofotokoagulyasiyasi, Qoraqalpog'iston Respublikasida traktsion to'r parda ko'chishida vitrektomiya, Buxoroda esa keratotopografiya kabi ko'plab noyob jarrohlik operasiyalari yo'lga qo'yildi.
Shuningdek, ilgari faqat markazning o'zida bajarilgan katarakta fakoemulsifikasiyasi, pterigiumektomiya plastika va dakriosistorinostomiya kabi yuqori texnologik amaliyotlar Urgut va Boyovut tuman tibbiyot birlashmalari ko'z kasalliklari bo'limlarida ilk bor amalga oshirildi.
E'tiborlisi, yangi turdagi diagnostika va tashxis usullarining viloyatlar, tuman va shaharlar darajasida yo'lga qo'yilishi, hududlarda mahalliy shifokorlar bilan birgalikda qo'shma operasiyalar o'tkazilishi hamda telemedisina natijasida markazga bemorlar murojaatlari soni undan avvalgi yilga nisbatan 2 barobarga kamaydi.
Mutaxassislarning bilim va malakasini oshirish maqsadida bugungi kunda muassasa turli xorijiy klinikalar, universitetlar va tibbiyot markazlari bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda.
Xususan, o'tgan yili O'zbekiston, Qozog'iston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg'iziston bosh oftalmologlari tomonidan Markaziy Osiyo glaukomatologlar alyansi tashkil qilinib, o'zaro hamkorlik yuzasidan kelishuvga erishildi.
Yil davomida AQShning "Lions World Vision Institute" notijorat ko'z banki, Tampa shahrining oftalmologik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Rossiyaning Gelmgols nomidagi ko'z kasalliklari milliy tibbiy tadqiqotlari markazi, M.M. Krasnov nomidagi ko'z kasalliklari ilmiy-tadqiqot instituti bilan jami 7 ta xalqaro memorandum imzolandi.
Davlatimiz rahbari topshirig'iga binoan, 2024 yil muassasaga Germaniya taraqqiyot banki (KfW banki) grant mablag'lari hisobidan 5 ta Easy Eye virtual simulyatori, 4 ta operasion mikroskop va 4 ta fakoemulsifikator uskunasi o'rnatilib, Markaziy Osiyo davlat muassasalari orasida birinchi bo'lib, simulyasion markaz tashkil etildi. Natijada bu erda yiliga 300 nafar mahalliy va xorijiy mutaxassislar malaka oshirish imkoniyati yaratildi.
2025 yil hududiy filiallarda 4 ta tashxislash va 13 ta davolash usullarini joriy qilish, yosh mutaxassislarning xorijdagi etakchi tibbiyot markazlarida malakasini oshirish hamda chet ellik shifokorlar bilan hamkorlikda joylarda qo'shma jarrohlik amaliyotlarini o'tkazish rejalashtirilmoqda.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
