Yurtimizda terapiya va tibbiy reabilitasiya bo'yicha qanday yangi amaliyotlar yo'lga qo'yilmoqda?
2023-10-21 14:50:00 / Yangiliklar

Bahromjon Alyavi,
Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitasiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori:
— Muassasamiz ichki kasalliklar, xususan, yurak-qon tomir, oshqozon-ichak, nafas olish tizimi va revmatologik xastaliklarni davolash, oldini olish hamda reabilitasiya qilishga ixtisoslashgan.
Bu erda respublika darajasida 20 turdagi yuqori texnologik operasiyalar, viloyat miqyosida 20 hamda tuman darajasida 15 turdagi yangi davolash va diagnostika usullari joriy qilindi.
Natijada yiliga 500 ming nafar aholiga o'z yashash hududida malakali tibbiy xizmat ko'rsatish imkoniyati yuzaga keldi.
Xususan, o'tgan yili 172 nafar mutaxassisimiz tomonidan viloyatlarga borgan holda, 9824 nafar bemorga amaliy yordam ko'rsatildi.
Teletibbiyot orqali 1289 nafar bemorga tibbiy yordam ko'rsatish bo'yicha onlayn konsultasiyalar va 1032 nafar fuqaroda konsiliumlar olib borildi.
Markazda ilk bor o'simtalarning mikroto'lqin ablasiyasi, muassasaning Buxoro filialida diabetik oyoq sindromida translyuminal balon angioplastikasi amaliyotlari joriy etildi.
Prezidentimizning tegishli topshiriqlari asosida 2023-2026 yillar davomida:
Hududlarda 500 nafar, markazda 100 nafar va xorijda 30 nafar mutaxassis malaka oshirib, 50 turdagi yangi amaliyotlar o'zlashtiriladi.
Joylarda tashkil qilinadigan tibbiy ko'riklarda 15 ming nafar aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko'rikdan o'tkazilib, xastalik aniqlangan bemorlarga hududning o'zida ambulator va stasionar yordam ko'rsatiladi.
Markazda ilk bor o'sma kasalligi (qalqonsimon bez tugunchalari)ning mikroto'lqin jarrohlik amaliyoti, Buxoroda diabetik to'piqda ballon angioplastikasi yo'lga qo'yiladi. Natijada yiliga 300 nafar bemorning yuqori texnologik operasiyalar uchun xorijga borishiga hojat qolmaydi.
Qoraqalpog'iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Jizzax, Toshkent va Xorazm viloyatlarida gastroenterologik, Sirdaryo, Navoiy, Samarqandda revmatologik kasalliklarni erta aniqlash va reabilitasiya qilishning zamonaviy usullari amaliyotga tatbiq etiladi.
Joylarda COVID-19 infektsiyasi asoratlari profilaktikasi va erta reabilitasiyasi joriy qilinib, yiliga 12 ming nafar aholiga hududlarning o'zida tibbiy yordam ko'rsatish imkoniyati yaratiladi.
Natijada bemorlar orasida kasalliklar asoratlarini 20 foizgacha, nogironlikni esa 30 foizgacha kamaytirishga erishiladi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
