Toshkent davlat stomatologiya instituti Xitoyda qanday kelishuvga erishdi?
2024-12-16 14:05:00 / Yangiliklar
Safar davomida delegasiyamiz tomonidan mazkur davlatning tibbiy-diagnostik uskunalari va jihozlari ishlab chiqaruvchi yirik korxonasi bosh direktori hamda xalqaro faoliyat bilan shug'ullanuvchi menejerlari bilan o'zaro hamkorlik yuzasidan muzokaralar o'tkazildi.
Muloqot davomida qayd etilganidek, Toshkent davlat stomatologiya institutining xalqaro aloqalari tobora rivojlanib bormoqda. Yaqinda mazkur institut sa'y-harakati bilan o'tkazilgan VII xalqaro stomatologlar Kongressida Angliya, Janubiy Koreya, Rossiya, Turkiya, Qozog'iston, Tojikiston va Qirg'iziston kabi davlatlardan 300 nafardan ziyod mutaxassis ishtirok etgani bunga yaqqol misol bo'la oladi.
Kongress davomida yosh mutaxassislar va amaliyotchi stomatologlar uchun mahorat darslari o'tkazildi. Eng muhimi, dunyo bo'yicha top mingtalikka kiruvchi ilg'or stomatologiya markazlari hamda turdosh oliy o'quv yurtlari bilan memorandumlar imzolandi.
Ayni paytda ushbu tadbirda namoyish etilgan ilm-fan yutuqlari amaliyotga keng tatbiq etilmoqda.
Toshkent Davlat stomatologiya institutining xalqaro yutuqlari sifatida quyidagilarni keltirish mumkin:
Butunjahon tibbiy ta'lim federasiyasi akkreditasiyasidan o'tdi;
ISO xalqaro sifat sertifikatiga ega bo'ldi;
dunyoning qator nufuzli stomatologik assosiasiyalariga a'zo bo'ldi;
mahalliy va xorijiy grantlar asosida amaliy-ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Hozirgi paytda dunyoning nufuzli turdosh oliy o'quv yurtlarining 60 nafardan ortiq professor-o'qituvchilari bo'lg'usi stomatologlarga saboq berib kelayotganini ham institut yutuqlari qatoriga kiritish mumkin.
Xitoylik hamkorlar bilan muzokara jarayonida o'zaro aloqalarni izchil yo'lga qo'yish, yurtimizda xolding tarmoq korxonasi faoliyatini tashkillashtirish bo'yicha qator kelishuvlarga erishildi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.