BUGUN — BUTUNJAHON OITSGA QARSHI KURASH KUNI
2024-12-01 09:30:00 / Yangiliklar

Ma'lumotlarga ko'ra, hozir dunyoda OIV infektsiyasini yuqtirgan qariyb 40 million nafar bemor bor. Ular soni yiliga 1,5 million kishiga ortyapti. Eng yomoni, kasallik har yili 600 ming kishini hayotdan olib ketmoqda.
Mutaxassislar bunday o'sish dinamikasini xastalikka erta bosqichda tashxis qo'yilmasligi bilan izohlaydi. Masalan, JSSTning Evropa mintaqaviy byurosiga qarashli 53 mamlakatda (Markaziy Osiyo davlatlari ham shu ro'yxatda) OIVga chalingan bemorlarning to'rtdan bir qismi o'z xastaligidan bexabar bo'lsa, qariyb yarmi o'z tashxisini juda kech bosqichda biladi.
Mamlakatimiz OITSga qarshi kurash tizimi bo'yicha keyingi yillarda barcha yo'nalishlarda qator yutuqlarga erishib kelmoqda. Bu esa BMTning OIV va OITS bo'yicha qo'shma dasturining dunyo miqyosida tan olingan "95-95-95" strategik maqsadlariga erishishda katta ahamiyat kasb etadi.
So'nggi yillarda butun dunyoda OITSning jinsiy yo'l bilan yuqish darajasi ortib bormoqda. Bu holat, afsuski, mamlakatimizda ham kuzatilyapti. Masalan, o'tgan yili ro'yxatga olingan bemorlarning qariyb 80 foiziga kasallik jinsiy aloqa yo'li orqali yuqqanligi gumon qilingan.
JSST tomonidan bemorlarni virusga qarshi davolash kasallikning bosqichidan qat'iy nazar, u aniqlangan kundan boshlanishi zarurligi tavsiya etiladi.
Shu yilning uchinchi choragi yakuniga ko'ra, yurtimizda OIV infektsiyali bemorlarning 84 foizi davolashning dunyoda tan olingan usuli — antiretrovirus muolajalar bilan qamrab olingan. Ular uchun zarur preparatlar xarajatlarining qariyb 80 foizi Davlat byudjeti mablag'lari, qolgan 20 foizi esa xalqaro fondlar hisobidan qoplanmoqda.
Ushbu kasalliklarga qarshi kurashish kompleks yondashuvni talab etadi. Bunda raqamli texnologiyalarni joriy etish ham katta ahamiyatga ega. Sababi ular ma'muriy jarayonlarni optimallashtirish, ma'lumotlarni boshqarishni takomillashtirish, bemorlarning holatini doimiy monitoring qilib borish imkonini beradi.
Shundan kelib chiqib, shu yilning bahorida Respublika OITSga qarshi kurashish markazida takomillashtirilgan yagona elektron tizim ishga tushirildi va u ijtimoiy himoya milliy agentligining elektron bazasi bilan integrasiya qilindi.
Xalqaro ekspertlarning xulosa qilishicha, 2030 yilgacha OIVning aholi salomatligiga tahdid sifatidagi global xavfini kamaytirishga doir ustuvor maqsadlarga erishish mumkin. Buning uchun hukumatlar xastalikning oldini olish, unga qarshi kurashish, infektsiyani erta bosqichda aniqlash va samarali davolash uchun zarur resurslar ajratishi kerak.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
