Ijtimoiy tarmoqlarda fuqaroda "Tseftriakson-BXFZ" dori vositasini qo'llash natijasida nojo'ya ta'sirlar kuzatilgani haqida xabarlar tarqaldi
2024-09-06 14:30:00 / Yangiliklar

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yashovchi fuqaro A.X. o'zida 3 kun davomida isitma, holsizlik kuzatilgandan so'ng, uy sharoitida davolanish maqsadida shifokor tavsiyasisiz, o'zboshimchalik bilan "tseftriakson" va "lidokain" dori vositalari aralashmasini onasi yordamida mushak orasiga qabul qiladi. Oradan chamasi 10 daqiqa o'tgach, bemorda badan qaqshashi, kuchli holsizlik, nafas siqishi va qon bosimining me'yoridan oshib ketishi kuzatiladi.
Shundan so'ng fuqaro "tez yordam" mashinasida dislokasiya bo'yicha dastlab I.Ergashev nomli 4-son shahar klinik shifoxonasi, keyin esa ixtisoslashgan yordam ko'rsatish maqsadida Ibn Sino nomli 1-son shahar klinik shifoxonasiga olib kelinib, standart bo'yicha davo choralari qo'llaniladi.
Bajarilgan muolajalar natijasida bemorda toshmalar, isitma, holsizlik kabi simptomlar bartaraf etilib, fuqaroning ahvoli yaxshilangandan keyin uyiga javob beriladi.
Dastlabki o'rganishlar bemorda kuzatilgan nojo'ya reaktsiya mazkur dori vositasining sifati bilan bog'liq emasligini ko'rsatmoqda.
Ushbu preparat qonunda belgilangan tartibda O'zbekiston Respublikasida davlat ro'yxatidan o'tgan hamda laborator tekshiruvlar natijasida sertifikatlashtirilib, tibbiyot amaliyotida qo'llash uchun ruxsat etilgan. Shunga qaramasdan, bemordan qabul qilib olingan preparatlar ayni damda Markaz laboratoriyalarida qayta tekshiruvdan o'tkazilmoqda.
Eslatib o'tmiz, "Tseftraktsion" dori preparati keng ta'sir doirasiga ega bo'lgan antibiotiklar oilasining uchinchi avlodiga mansub bo'lib, u bakterial infektsiyalarni davolashda qo'llaniladi.
Lekin shamollash, gripp va boshqa virusli infektsiyalar muolajasida ta'sir ko'rsatmaydi. Bu preparat shifokor resepti asosida beriladi va shifokor nazorati ostida qo'llaniladi. Undan uy sharoitida o'zboshimchalik bilan foydalanish mutlaqo mumkin emas!
Farmasevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi matbuot xizmati
