Vazir: "korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha birga ishlashga tayyormiz"
2024-08-10 11:10:00 / Yangiliklar
9 avgust kuni ijtimoiy himoya milliy agentligida "nogironlikni belgilashning samarali mexanizmlari hamda tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati tizimini takomillashtirish" mavzusida seminar o'tkazildi. Unda agentlik direktori Mansurbek Olloyorov, Sog'liqni saqlash vaziri v.b. Asilbek Xudayarov hamda Toshkent shahri va Navoiy viloyatidagi tibbiyot birlashmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirda qatnashgan "Газета.uz" muxbiri sog'liqni saqlash vaziri v.b. Asilbek Xudayarovdan nogironlikni belgilashning yangi tizimi korrupsiyadan qay darajada xoli bo'lishi haqida so'radi. Hukumat vakili esa quyidagicha javob qaytardi:
"Birinchi o'rinda, rahbariyatda, ya'ni [har bir] tizim boshida turganlarning o'zida va jamoasida korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha xohish bo'lishi kerak. Men sizga va'da beraman: Sog'liqni saqlash vazirligi Markaziy apparatida va, o'ylaymanki, ijtimoiy himoya milliy agentligida, ya'ni Mansurbek akaning jamoasida ham korrupsiyaga yo'l qo'ymaslik uchun xohish juda kuchli. Buni men ko'pchilikning ichida aytishim mumkin. Ikkinchidan, korrupsiyaga yo'l qo'ymaslik tarbiyaga bog'liq, qonundan qanchalik qo'rqishga va qonunga amalga qilishga bog'liq. Asosiysi, mening ishimda printsip bor: xodim korrupsiyaga aralashmasligi, vazifasini to'liq bajarishi uchun [qilayotgan] ishi o'ziga yoqishi va o'sha ishni yo'qotib qo'yishdan qo'rqishi kerak. Bizlar esa xodimlarga maosh tomondan ham, shart-sharoitlar tomondan ham sharoit yaratashimiz, ularni asossiz ayblashga bormasligimiz kerak, o'shanda u ishini vijdonan bajaradi", — dedi vazirlik rahbari.
"Aholiga OAV orqali tushuntirishimiz kerakki, O'zbekistonda korrupsiyaga tasnif berilganda porani olgan ham, bergan ham jazolanadi. Afsuski, aksariyat holatlarda porani bergan odam jazolanmayapti", — deya qo'shimcha qildi Asilbek Xudayarov.
Uning qayd etishicha, Sog'liqni saqlash vazirligi korrupsiyaga qarshi kurashishga tayyor.
"Agar vazirlikka Blogerlar, jurnalistlar tomonidan mish-mishlar orqali emas, aniq faktlar bilan murojaat qilinsa, biz har bir holat bo'yicha tagiga etib, uni yuzaga chiqarishga tayyormiz. Vazirlikda bir oy oldin nazorat inspektsiyasi tayyor bo'ldi, shuningdek, koruppsiyaga qarshi kurashish departamenti ham mavjud. Agar [korrupsiyani o'ziga] surunkali kasallik sifatida yuqtirgan xodim bo'ladigan bo'lsa, unga joyida jazo qo'llashga va buni hammaga ko'rsatishga tayyormiz.
Men va'da beraman: jurnalistlar bilan ishlashga tayyorman. Shunday holatlar bo'yicha ma'lumotlar beringlar, marhamat, birga ishlaylik. Kishilik jamiyati bormi, bu narsa davom etadi. Faqatgina biz qanchalik samarali kurasha olamiz?"— dedi vazirlik rahbari.