26 iyun — xalqaro giyohvandlikka qarshi kurash kuni
2024-06-26 16:10:00 / Yangiliklar

Afsuski, bugun dunyoda giyohvand moddalar iste'mol qiluvchilar soni ortib bormoqda.
Bunga esa er yuzi aholisining ko'payishidan tashqari, jahon bo'ylab sintetik giyohvand moddalar iste'moli yildan yilga ommalashib borayotgani ham sabab bo'lyapti.
Ana shunday omillar yurtimizda psixiatriya va narkologiya xizmatini takomillashtirish uchun muhim asos bo'ldi.
— So'nggi yillarda mamlakatimizda narkologik kasalliklarning oldini olish, tashxislash va davolash, ularga chalingan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitasiya qilishni rivojlantirish bo'yicha bir qator ishlar amalga oshirildi, — deydi Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Zarifjon Ashurov.
— Xususan, davlatimiz rahbarining 2022 yil 16 mayda qabul qilingan "aholiga narkologik yordam ko'rsatish tizimini yanada takomillashtirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida"gi qarori mazkur sohani yanada rivojlantirish va aholiga narkologik yordam ko'rsatish samaradorligini oshirishga xizmat qildi.
Ushbu qarorga ko'ra:
narkologik kasalliklarga chalingan shaxslarni majburiy davolashga yuborish bo'yicha barcha tibbiy tekshiruvlar narkologiya dispanserlarining o'zida, zarur hollarda boshqa muassasalarda amalga oshirilmoqda;
narkologiya dispanserlaridagi mavjud koykalar haqidagi ma'lumotlarni Real vaqt rejimida olish imkoniyati yaratildi.
O'z navbatida, qarorga muvofiq, aholi, ayniqsa, voyaga etmaganlar va yoshlar orasida psixoaktiv moddalar iste'mol qilinishining oldini olish va barvaqt aniqlashga qaratilgan profilaktika tizimi ishlab chiqilishi bu sohadagi dadil qadam bo'ldi.
Shuningdek, Prezidentimizning 2023 yil 19 iyunda qabul qilingan "aholining ruhiy salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarorida ham bu yo'nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga doir bir qator muhim vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, ushbu hujjatga ko'ra, o'tgan yili yurtimizda Respublika ixtisoslashtirilgan ruhiy salomatlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etildi.
Mazkur muassasa mamlakatimizda ixtisoslashtirilgan psixiatrik, tibbiy-psixologik va narkologik yordam ko'rsatishni yo'lga qo'yib, bu yo'nalishlarda yuqori texnologik moddiy baza va ilmiy maktabni shakllantiradi.
Qolaversa, hududlardagi ruhiy va narkologiya kasalliklari shifoxonalari hamda dispanserlari markazning hududiy tashkiliy-metodik bo'linmalari etib belgilandi.
Xulosa o'rnida aytish lozimki, giyohvandlik muammosiga qarshi kurashish, uning salbiy oqibatlarini kamaytirish uchun nafaqat davlatlar, xalqaro tashkilotlar, balki butun jamiyat birgalikda harakat qilishi va bu ishga har bir inson o'z hissasini qo'shishi lozim.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.
