SSV: "Infarkt va insultga qarshi kurashish" milliy dasturi loyihasi muhokama qilindi
2026-01-13 18:20:00 / Yangiliklar

Shu bois, ushbu xavfli xastaliklarda "oltin soat" oralig'ida, zudlik bilan shoshilinch tibbiy yordam ko'rsatish hamda yuqori texnologiyali diagnostika va davolash usullaridan samarali foydalanish bemorlar hayotini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Poytaxtimizda ana shu maqsadda ishlab chiqilgan "infarkt va insultga qarshi kurashish" milliy dasturi loyihasi hamda o'tkir yurak-qon tomir va tserebrovaskulyar kasalliklarining yangilanayotgan klinik protokol va davolash standartlari muhokamasiga bag'ishlangan tadbir o'tkazildi.
Unda Prezident Administrasiyasi, Sog'liqni saqlash vazirligi, "Sog'liqni saqlash loyihalari markazi" loyiha ofisi mas'ullari, Birlashgan Millatlar tashkiloti, Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti, BMT Aholishunoslik jamg'armasi hamda Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining O'zbekistondagi vakolatxonalari vakillari, tez tibbiy yordam xizmati hamda shu yo'nalishdagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari, davolash muassasalari mutaxassislari va ekspertlar ishtirok etdi.
Ta'kidlanganidek, infarkt va insult xastaliklarida bemorlarga ko'rsatiladigan shoshilinch tibbiy yordam nafaqat ularning hayotini saqlab qolish, balki reabilitasiya jarayonlarini tezlashtirishga ham ijobiy ta'sir ko'rsatadi.
Shu sababli mazkur dastur loyihasida aholi o'rtasida o'tkir yurak-qon tomir va tserebrovaskulyar kasalliklarini barvaqt aniqlash, ularga ko'rsatiladigan tibbiy xizmatlarni yangi bosqichga olib chiqish orqali barvaqt o'lim holatlari va nogironlikni kamaytirish, bemorlarni sog'lomlashtirish hamda reabilitasiya qilishni yaxshilash, kardiologik va nevrologik yordam ko'rsatish tizimini yanada takomillashtirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Qayd etilganidek, xalqaro dasturlar ("Stent for Life" va "Action Plan for Stroke") asosida ishlab chiqilgan "infarkt va insultga qarshi kurashish" milliy dasturi dastlab Samarqand viloyati va Toshkent shahrida, keyinchalik barcha hududlarda amaliyotga joriy etilishi ko'zda tutilgan.
Loyihaga ko'ra, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida yurak-qon tomir va tserebrovaskulyar kasalliklarini barvaqt aniqlash maqsadida 30 yoshdan oshgan aholini yiliga bir marta maqsadli tibbiy tekshiruvlardan o'tkazish, xalqaro standartlar asosida bemorlarning klinik marshrutlari (clinical pathways)ni amaliyotga kiritish rejalashtirilgan.
Qolaversa, tez tibbiy yordam brigadalarini sun'iy intellekt yordamida tahlil qilish imkoniyatiga ega telemetrik-elektrokardiograf hamda monitorli defibrillyator jihozlari bilan ta'minlash kabi yana qator vazifalar o'rin olgan.
Shuningdek, shifoxonalar shoshilinch holatlarda jarrohlik amaliyotini o'tkazish uchun zarur dori va sarflov vositalari bilan ta'minlanadi. Bemorlarga shoshilinch stasionar tibbiy xizmat ko'rsatishga nodavlat tibbiyot tashkilotlari ham jalb qilinadi.
Binobarin, loyihada davlat va nodavlat stasionar tibbiyot tashkilotlari tomonidan o'tkir yurak-qon tomir va bosh miyada qon aylanishining o'tkir buzilishi holatlarida ko'rsatilgan tibbiy xizmatlar Davlat tibbiy sug'urtasi jamg'armasi tomonidan moliyalashtirilishi belgilangan.
Tadbir davomida o'tkir yurak-qon tomir va tserebrovaskulyar kasalliklarining yangilanayotgan klinik protokol va davolash standartlari ham muhokama qilindi.
Yakunda mazkur dastur loyihasini yanada takomillashtirish yuzasidan qator taklif va tavsiyalar bildirildi. Qizg'in bahs-munozara tarzida o'tgan muloqotda ishtirokchilar o'zlarini qiziqtirgan savollarga mas'ullardan atroflicha javob oldilar.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.


