Samarqandda tibbiyot oliy o'quv yurtlari talabalarining VI xalqaro olimpiadasi o'tkazildi
2025-12-09 15:40:00 / Yangiliklar

Unda yurtimiz vakillaridan tashqari, Rossiya, Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Ozarbayjon, Belarus, Qozog'iston, Qirg'iziston, Tojikiston kabi o'ttizdan ortiq davlatlarning oltmishdan ziyod tibbiyot oliygohlaridan 500 nafar talaba, shuningdek, xorijiy tibbiyot muassasalari rektorlari hamda professor-o'qituvchilari ishtirok etdi.
Olimpiadaning tantanali ochilish marosimida O'zbekiston Sog'liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov hamda Oliy ta'lim, fan va innovasiyalar vaziri Kongratbay Sharipov ishtirokchilarni onlayn tabrikladi.
O'zbek, rus va ingliz tillarida o'tkazilgan xalqaro olimpiadaning asosiy qismida ishtirokchilar 43 ta yo'nalish bo'yicha ikki bosqichda, test sinovlari va amaliy ko'nikmalarini namoyish etish orqali bellashdi.
Shu bilan birga, ularning bilim va mahorati 7-avlod simuliasion robotlari yordamida sinovdan o'tkazildi.
Qolaversa, O'zbekistonning Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumlari hamda xorijiy tibbiyot kollejlari o'quvchilari o'rtasida xalqaro Olimpiada ham tashkil qilindi.
Binobarin, talabalar uchun chet ellik va o'zbekistonlik etakchi mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari bo'lib o'tdi. Xorijiy tibbiyot oliy o'quv yurtlari rektorlarining ma'ruzalari tinglandi.
Bundan tashqari, tadbir doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti huzurida xorijiy tillarni o'qitishga moslashgan "til akademiyasi" markazi tantanali ochildi.
Yakunda g'olib va sovrindorlar, faol qatnashchilar diplom, sertifikat hamda esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.
Sog'liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati.









