QUYIDAGILAR SANEPIDQO‘MNING ASOSIY VAZIFALARI HISOBLANADI:
- jamoat salomatligi va kasalliklar profilaktikasi hamda aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish va tartibga solish, davlat dasturlari va boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
- aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi sohasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari bilan hamkorlik qilishni ta’minlash;
- yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga rioya qilinishi bo‘yicha belgilangan tartibda tekshirishlar o‘tkazish va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik sohasida qonun buzilishlari bo‘yicha ma’muriy javobgarlik choralarini belgilangan tartibda qo‘llash;
- oziq-ovqat xavfsizligi sohasida respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalarining faoliyatini muvofiqlashtirish va ular bilan hamkorlik qilish, oziq-ovqat xom ashyosi va iste’mol mahsulotlarini ishlab chiqarish, tashish, saqlash va sotish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ob’yektlar faoliyati, shuningdek, zarur xalqaro amaliyotlarni qo‘llash tajribasiga asoslangan standartlar talablariga rioya etishini nazorat qilish metodologiyasini ishlab chiqish va joriy qilishda ishtirok etish;
- sohaga oid xizmatlarni ko‘rsatish, mahsulot, ishlar va xizmatlar xavfsizligiga qo‘yiladigan majburiy talablarga taalluqliligi bo‘yicha maxsus ekspertizalar tayinlash va o‘tkazish;
- yuqumli bo‘lmagan, yuqumli, parazitar kasalliklar yuzaga kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan epidemiyaga qarshi va sanitariya-gigiyenik tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;
- sanitariya-gigiyena, radiasion gigiyena, fizik omillar, bakteriologiya, virusologiya, parazitologiya va o‘ta xavfli kasalliklar tashxisi bo‘yicha laboratoriyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
- inson salomatligiga ta’sir etuvchi xavfli omillarni boshqarish, tizimli monitoringini yuritish va tahlil qilishning yangi shakl va usullarini ishlab chiqish hamda amaliyotga joriy etish;
- yuqumli va parazitar kasalliklar yuzaga kelishi va tarqalishining oldini olishga qaratilgan dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya tadbirlari o‘tkazilishini tashkil qilish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
- sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligini ta’minlash sohasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlarni aniqlash, baholash va boshqarish jarayonida xavf-xatarlarni tahlil qilish va ilmiy asoslangan yondashuvlar asosida oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi siyosatni amalga oshirishga ko‘maklashish;
- O‘zbekiston Respublikasi hududida o‘latning tabiiy o‘choqlari epizootologik monitoringini yuritishini, o‘lat va o‘ta xavfli infeksiyalar bo‘yicha epidemiologik nazorat hamda profilaktika va epidemiyaga qarshi kompleks tadbirlar amalga oshirilishini tashkil etish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish;
- OIV infeksiyasining tarqalishiga qarshi kurashish, OIV va hamroh kasalliklarning oldini olish, tashxis qo‘yish va davolash bo‘yicha yagona tizimning amal qilishini ta’minlash, OIV yuqtirgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatishni;
- jamoat salomatligi va kasalliklar profilaktikasi, sanitariya, gigiyena, epidemiologiya, parazitologiya, mikrobiologiya, virusologiyaning dolzarb masalalari bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash hamda fundamental, amaliy va ilmiy tadqiqotlar olib borilishini muvofiqlashtirish;
- sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, barcha ijtimoiy guruhlarni qamrab olgan holda, fuqarolarni sanitariya-gigiyenik o‘qitishni tashkil etishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish orqali aholining sanitariya madaniyati darajasini oshirish;
- turli soha xodimlarining sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari bo‘yicha to‘lov-kontrakt asosida malakasini oshirish;
- davlat va idoraviy tibbiyot statistikasini yuritish, to‘plash, tahlil etishga uslubiy rahbarlik qilish, aholi salomatligiga salbiy ta’sir qiluvchi omillarni aniqlash maqsadida zarur tekshirishlar va so‘rovlar o‘tkazish;- tarmoqning joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda kadrlarni o ‘qitish, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning ilg‘or usullarini tizimli asosda joriy etish;
- O‘zbekiston Respublikasida sanitariya va fitosanitariya choralari bo‘yicha Jahon savdo tashkilotiga (keyingi o‘rinlarda — JST) a’zo davlatlarni xabardor qilish va ularning asoslangan so‘rovlariga javob berish tartib-taomillarini joriy etish.