Ta’lim va mehnat uyg‘unligi: 10-sonli maktab faoliyati bilan tanishildi
2026-05-31 10:40:00 / Ta'lim

Tashrif davomida sinfxonalar, fan kabinetlari, sport inshootlari va maktabning moddiy-texnik bazasi ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, ta’lim muassasasida o‘quvchilarni kasb-hunarga yo‘naltirish va amaliy mehnat ko‘nikmalarini shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, maktab hududida dehqonchilik, bog‘dorchilik va quyonchilik yo‘nalishlarida samarali ishlar tashkil etilgan. Yer maydonlarida turli qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirilib, meva daraxtlari parvarish qilinmoqda. Shuningdek, quyonchilik faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu o‘quvchilarning amaliy bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularda mehnatsevarlik va tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Viloyat rahbari maktab hududidagi imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish, amaliy loyihalar ko‘lamini kengaytirish hamda o‘quvchilarni zamonaviy kasblarga qiziqtirish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirdi.
Tashrif yakunida mas’ullarga mavjud tajribani yanada rivojlantirish va hududni obodonlashtirish ishlarini davom ettirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.
Bundan tashqari, maktab hududida joylashgan ta’mirtalab stadion holatini ham ko‘zdan kechirib, mas’ullarga stadionni zamonaviy talablar asosida ta’mirlash, sport maydonchasini tartibga keltirish, zarur infratuzilma va sharoitlarni yaratish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Ta’mirlash ishlari yakunlangach, stadionni mahalla aholisi va o‘quvchilar ixtiyoriga topshirish hamda undan samarali foydalanishni ta’minlash vazifasi belgilandi.





