Pokistonga xizmat safari qizg‘in davom etmoqda.
2026-04-29 17:25:00 / Yangiliklar

Safar doirasida mamlakatning yetakchi savdo institutlaridan biri — Trade Development Authority of Pakistan (TDAP), Pokiston savdoni rivojlantirish agentligi bosh kotibi Sheryar Taj bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston, xususan Navoiy viloyati va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish hamda yangi eksport yo‘nalishlarini ochish masalalari muhokama qilindi.
TDAP Pokiston Savdo vazirligi huzurida faoliyat yurituvchi asosiy davlat tashkiloti bo‘lib, mamlakat eksportini rivojlantirish va xalqaro savdoni rag‘batlantirish bilan shug‘ullanadi. Tashkilot 2006-yilda tashkil etilgan bo‘lib, shtab-kvartirasi Karachi shahrida joylashgan.
So‘nggi yillarda Pokiston tashqi savdosi izchil o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda. 2024–2025 moliya yilida mamlakatning umumiy eksporti 32,1 milliard dollarga yetdi. Eksport tarkibida to‘qimachilik sanoati yetakchi o‘rinni egallab, qariyb 19 milliard dollarlik mahsulot jahon bozorlariga yetkazib berilgan.
TDAP xalqaro savdo missiyalari, biznes forumlar va yirik ko‘rgazmalar orqali pokistonlik ishlab chiqaruvchilarni jahon bozorlari bilan bog‘lab kelmoqda. Xususan, TEXPO va FoodAg kabi yirik ko‘rgazmalarda o‘nlab davlatlardan minglab tadbirkorlar ishtirok etib, yuz millionlab dollarlik savdo shartnomalari imzolanadi.
Uchrashuvda Navoiy viloyati va Pokiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar ham ijobiy dinamikada rivojlanayotgani ta’kidlandi.
Muzokaralar davomida qishloq xo‘jaligi, farmasevtika, to‘qimachilik, charm sanoati va logistika sohalarida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek tadbirkorlar o‘rtasida B2B uchrashuvlar tashkil etish masalalari yuzasidan kelishuvga erishildi.






