Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirining jamoatchilikka murojaati
O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi
vaziri Sherzod Saidjanovich Hidoyatovning
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha
MUROJAATI
Korrupsiya – davlat taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladigan, adolat va qonun ustuvorligini izdan chiqaradigan,
jamiyatda ishonch muhitini zaiflashtiradigan eng jiddiy tahdid
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat MIRZIYOYЕV
Hurmatli hamkasblar va yurtdoshlar!
O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida, shu jumladan, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida korrupsion omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Korrupsiya – bu jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan, demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadigan, inson huquqlari buzilishiga olib keladigan, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladigan, hayot sifatini yomonlashtiradigan va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan dahshatli illatdir.
Hurmatli Prezidentimizning 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida “Korrupsiyaga yo‘l qo‘yish – islohotlarimizga xiyonatdir. Bu illatga qarshi kurashish bo‘yicha 2026 yilda “favqulodda holat” e’lon qilamiz. Shuningdek, Komplayens xizmatining faoliyatiga to‘sqinlik qilganlar – korrupsiyaga sherik, deb baholanadi va javobgarlik shunga mos holda bo‘ladi”, - deb ta’kidladilar.
Davlatimiz Rahbarining ko‘rsatma va topshiriqlarini amalga oshirish borasida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan:
- korrupsiya oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra korrupsiyaviy omillarni barvaqt aniqlash va preventiv mexanizmlarni joriy etish orqali tizimli korrupsiyaviy holatlarni oldini olish;
- sohada raqamli texnologiyalar, shu jumladan, sun’iy intellektni joriy qilishni hamda ulardan samarali foydalanishni kengaytirish;
- vazirlik faoliyatida ochiqlik siyosatini izchil davom ettirish va muntazam takomillashtirib borish yuzasidan vazifalar belgilab olindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida vazirlik va uning hududiy bosh boshqarmalari hamda tizim tashkilotlarida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘linmalari tashkil etilgan.
Ushbu bo‘linmalarning asosiy vazifalari – tizimdagi korrupsiya holatlarining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishning ta’sirchan tizimini ishlab chiqish, xodimlar o‘rtasida tushuntirish-proflaktik ishlarini olib borish, korrupsiya xavfi mavjud bo‘lgan hollarda uni bartaraf qilishdan iborat.
Bugungi kunda qurilish sohasida loyiha va pudrat tashkilotlarini tender asosida jalb qilish tizimi to‘liq inson omilisiz amalga oshirilmoqda. Bunda, korrupsiya vujudga kelishi yuqori bo‘lgan xarid komissiyasi faoliyati elektron platforma bilan almashtirildi. Elektron tender jarayonlari to‘liq shaffoflashdi, qog‘ozbozlikka barham berildi.
Joriy etilgan ushbu tizim 4 yil ichida sohadagi davlat xaridlari yo‘nalishida korrupsiyaning tugatilishiga sabab bo‘ldi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, kadrlarni tanlashda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi kurashish amaliyotiga tizimli preventiv choralarni kuchaytirish va mazkur sohadagi bilimlarni uzluksiz oshirish maqsadida ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablari bosqichma-bosqich amaliyotga tadbiq etilmoqda.
Shuni ta’kidlash lozimki, vazirlik o‘z amaliyotida korrupsiyaning hech qanday shakl va ko‘rinishlarda qabul qilmaydi, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlikning shakllanishiga hissa qo‘shadi.
Shu o‘rinda Prezidentimizning “Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz munosabatda bo‘lish kundalik hayot tarzimizga aylanishi shart. Bu illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilishi zarur”, - degan chaqirig‘i bizning hayotiy shiorimizga aylanishi lozim.
Shunday ekan, vazirlik tizimidagi har bir tashkilot va muassasa rahbarlari va xodimlari korrupsion holatlarni oldini olish va unga chek qo‘yish uchun mas’ul ekanliklarini anglab yetishlari zarur.
O‘z navbatida, fuqarolardan vazirlik markaziy apparati, hududiy va tizim tashkilotlari xodimlarining korrupsiyaviy xatti-harakatlariga guvoh bo‘lganida yoki qonunchilikka zid boshqa huquqbuzarlik holatlariga aloqadorligi yuzasidan ma’lumotga ega bo‘lishganida, vazirlikning “1298” qisqa raqami yoki 71-210-11-04 (ichki 1066) hamda @Qurilish_Komplaens_bot rasmiy telegram boti yoxud komplaens@mc.uz elektron pochta manzili orqali o‘z murojaatlarini yo‘llashlari mumkin. Korrupsiya haqida xabar bergan fuqarolarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Vazirlik tizimida mehnat qilayotgan har bir rahbar va xodimni korrupsiya holatlarining har qanday ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lishga hamda o‘z xizmat vazifalarini halol va xolis bajarishga yana bir bor chaqiramiz.
Hurmat bilan,
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri
Sh.Hidoyatov

