Byurokratiyani bartaraf etish — 2030
O‘zbekistonda “Byurokratiyani bartaraf etish — 2030” dasturi amalga oshiriladi. Bu 28-noyabr kuni prezident imzolagan “Davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish va samaradorligini oshirishga qaratilgan tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorda belgilangan.
Qaror “Davlat xizmatlarini ko‘rsatish bosqichlarini maqbullashtirish, jismoniy va yuridik shaxslarga ortiqcha majburiyatlar yuklatilishining oldini olish, davlat tashkilotlari, aholi va biznes o‘rtasida raqamli muloqotni to‘laqonli yo‘lga qo‘yish va bu boradagi islohotlar samaradorligini oshirish maqsadida” qabul qilingan.
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan boshlab davlat boshqaruvini raqamli transformatsiya qilish va samaradorligini oshirishga qaratilgan “Byurokratiyani bartaraf etish — 2030” dasturi ishga tushiriladi va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:
- davlat xizmatlaridan tez va qulay foydalanish orqali fuqarolarning hayot sifatini yaxshilash;
- tadbirkorlikni rag‘batlantirish, mamlakatning xorijiy investitsiyalar uchun jozibadorligini oshirish;
- raqamli boshqaruv va davlat boshqaruvi sohalarida mamlakatning ijobiy imijini shakllantirish;
- ortiqcha tartib-taomillarni bartaraf etish va jarayonlarning shaffofligini oshirish orqali suiiste’molchilik xavfini kamaytirish.
Byurokratiyaga qarshi kurashda sizning ovozingiz muhim!
“Byurokratiyani bartaraf etish – 2030” dasturi doirasida Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tomonidan “Byurokratiyasiz O‘zbekiston” ommaviy tashabbusi amalga oshirilmoqda.
Maqsad — fuqarolar va tadbirkorlarning fikr-mulohazalari asosida ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirish va davlat xizmatlarini soddalashtirish.
Sizni charchatgan ortiqcha hujjat yoki cho'zilgan jarayon bormi? Bizga xabar bering — har bir muammo o'zgarish uchun imkoniyatdir.
O'z takliflaringiz bilan islohotlarga hissa qo'shing - murojaat.byurokratiyasiz2030.uz


