Tanqid va tahlil: kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari muhokama qilindi
2026-10-24 14:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadov hamda vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva ishtirokida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari yuzasidan tanqidiy yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ko‘p kvartirali uylarni mavsumga tayyorlash ishhlari tahlil qilinib, ayrim hududlarda dastur doirasida ta'mirlash ishlari yakunlanmagani qayd etildi. Issiqlik ta'minoti obyektlarini ta'mirlash, “Yangi O‘zbekiston” massivlarida issiqlik tizimlarini barpo etish hamda yoqilg‘ini o‘z vaqtida yetkazib berish masalalariga alohida e'tibor qaratildi.
Shuningdek, boshqaruv organlaridagi debitor qarzdorlikni qisqartirish, issiqlik ta'minoti korxonalariga ajratilgan subsidiya mablag‘laridan maqsadli foydalanish va boshqaruv usuli tanlanmagan ko‘p kvartirali uylar holati muhokama qilindi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash va mas'uliyatni kuchaytirish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi. Topshiriqlar ijrosi ustidan prokuratura nazorati o‘rnatilishi belgilandi.
Yig‘ilish doirasida boshqaruv organlari faoliyatidagi mavjud muammolar hamda aholini qiynayotgan masalalar yuzasidan murojaatlar ham qabul qilinib, ularni ko‘rib chiqish va hal etish bo‘yicha tegishli choralar belgilandi.





