Tinchlik va barqarorlikni asrash — barchamizning burchimiz
2026-10-23 14:07:00 / Vazirlik yangiliklar

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi va uning tizim tashkilotlarida bugun ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi maslahatchisi Ilhom Ma’rupov ishtirok etdi.
Tadbirda yurtimizda tinchlik va osoyishtalikni asrash, diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, yoshlarni yot g‘oyalar va zararli ta’sirlardan himoya qilish, jamiyatda ma’rifat va ogohlikni oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda inson qadri, xalq farovonligi va jamiyat taraqqiyotini ta’minlash yo‘lida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu ezgu maqsadlarning ro‘yobi, avvalo, yurt tinchligi va barqarorligiga bog‘liq. Shu bois turli yot g‘oyalar, ekstremizm va terrorizm tahdidlariga qarshi ma’rifat, bilim va mustahkam dunyoqarash bilan kurashish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining maslahatchisi Ilhom Ma’rupov o‘z nutqida muqaddas dinimizning asl mohiyati tinchlik, ezgulik, bag‘rikenglik va ma’rifatga asoslanishini ta’kidladi. Shuningdek, globallashuv sharoitida yosh avlodning ongi va tafakkurini turli yot g‘oyalar ta’siridan asrash, ularda sog‘lom dunyoqarashni shakllantirish, oila va mahallaning bu boradagi mas’uliyatini kuchaytirish zarurligini qayd etdi.
— Yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ta’minlash, davlatimiz xavfsizligi va barqarorligini mustahkamlash barchamizdan doimiy hushyorlik va mas’uliyatni talab etadi. Ekstremizm va terrorizm kabi tahdidlardan yoshlarimizni asrash, ularni ezgu g‘oyalar va ma’rifat ruhida tarbiyalash har bir ziyoli insonning muhim vazifalaridan biridir, — dedi Ilhom Ma’rupov.
Tadbir davomida, shuningdek, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lish, farzandlar tarbiyasida ota-onalarning mas’uliyatini oshirish, ijtimoiy tarmoqlardan oqilona foydalanish kabi muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Bundan tashqari, davlat xizmatchilarining odob-axloq qoidalariga rioya etishi, ularning ijobiy imijini shakllantirish, xizmat faoliyatida halollik va mas’uliyat tamoyillariga amal qilish hamda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni kuchaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.






