Yoshlar parlamenti a’zolari Yangi Toshkentdagi yirik loyihalar bilan tanishdi
2026-10-22 17:10:00 / Vazirlik yangiliklar

Avval xabar berganimizdek, bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari “Kelajak shahri — yoshlar nigohida” mavzusida Yangi Toshkentda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar O‘zbekiston Milliy kutubxonasining yangi binosi, “Yangi O‘zbekiston” universiteti majmuasi, “Sharq bahori” turar joy majmuasi hamda yerosti avtoturargohi va piyodalar o‘tish yo‘lagi qurilishi bilan tanishdilar.
Xususan, 10 ming nafar talabaga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekiston” universiteti majmuasida zamonaviy ta’lim va talabalar uchun qulay sharoitlar yaratish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, qiymati 100 million dollarlik yer osti avtoturargohi loyihasi, unda avtomatlashtirilgan parkovka tizimlari, elektromobillarni zaryadlash stansiyalari va boshqa qulayliklarni tashkil etish rejalari haqida ma’lumot berildi.
Dastur doirasida “Yangi Toshkent” shahrini barpo etish direksiyasida ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Yoshlar shahar infratuzilmasini rivojlantirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini barpo etish va istiqbolli loyihalar bilan yaqindan tanishdi.





