Toshkent shahrida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari o‘rganilmoqda
2026-10-19 18:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining Qurilish, kommunal, suv xo‘jaligi, ekologiya, sanoat va transport masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi a’zolari hamda shahar deputatlari Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari — Uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Obidjon Mo‘minov boshchiligida poytaxtdagi kommunal infratuzilma obyektlarining 2026–2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarligini o‘rganmoqda.
O‘rganishlar doirasida Yakkasaroy tumanidagi markaziy avariya-dispetcherlik markazi, Chilonzor suv taqsimlash inshooti, “Algoritm” podstansiyasi hamda Chilonzor tumanidagi “Bekto‘pi” mahallasida modernizatsiya qilinayotgan nasos stansiyasi faoliyati bilan tanishildi.
Jarayonda, ichimlik suvi, elektr energiyasi va issiqlik ta’minotining barqarorligini ta’minlash, mavjud tarmoqlar va uskunalarning texnik holati, modernizatsiya ishlari hamda avariya holatlarining oldini olish choralari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, dispetcherlik xizmatlarining faoliyati, avariya brigadalarining shayligi, suv taqsimlash inshootlarining mavsumga tayyorgarligi hamda “Bekto‘pi” mahallasidagi nasos stansiyasini yangilash jarayoniga e’tibor qaratildi. Issiqlik ta’minoti tizimida energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish, energiya sarfini kamaytirish va iste’molchilarga issiqlik energiyasini uzluksiz yetkazib berish masalalari ham o‘rganildi.
Mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida kommunal infratuzilma obyektlarining ishonchli ishlashini ta’minlash, aholi va ijtimoiy soha muassasalariga uzluksiz xizmat ko‘rsatish hamda kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarning oldini olish masalalari muhokama qilindi.
Poytaxtdagi kommunal soha obyektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorgarligini o‘rganish ishlari davom etmoqda.





