Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Hukumat soati” bo‘lib o‘tmoqda
2026-10-13 18:00:00 / Rahbariyatning bayonotlari va nutqlari

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi hamda Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasi tashabbusi bilan “Hukumat soati” bo‘lib o‘tmoqda. Unda ko‘p kvartirali uy-joy fondini samarali boshqarish hamda aholini sifatli kommunal xizmatlar bilan ta’minlash masalalari muhokama qilinyapti.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sh.Hidoyatov deputatlarning savollariga javob bermoqda.
Vazir axborotida qayd etilganidek, bugungi kunda mamlakatimizda 1,6 milliondan ziyod xonadondan iborat
46 mingdan ortiq ko‘p kvartirali uy-joy mavjud. Mazkur uylarning 42 mingdan ortig‘iga boshqaruv servis kompaniyalari, 700 dan ziyodiga uy-joy mulkdorlari shirkatlari, qolgan qismiga esa boshqa boshqaruv shakllari orqali xizmat ko‘rsatilmoqda. Sohada aholiga xizmat ko‘rsatuvchi 18 mingdan ziyod xodim mehnat qilmoqda.
Ta’kidlanganidek, ko‘p kvartirali uylarda mulkdorlar tomonidan to‘lanadigan majburiy to‘lovlarning maqsadli sarflanishi, boshqarish organlari faoliyatining hisobdorligi va moliyaviy shaffofligini ta’minlash sohadagi ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-fevraldagi 48-son qarorida 1-iyuldan boshlab Toshkent shahrida, 2027-yildan boshlab barcha hududlarida ko‘p kvartirali uylarda joy mulkdorlarining umumiy yig‘ilishlarini tashabbus qilish, shartnomalar tuzish, boshqaruvchilar tomonidan hisobotlar taqdim etish faqat billing tizimi orqali amalga oshirilishi belgilandi.




