Rahbar va yoshlar uchrashuvi: o‘zaro hamkorlik imkoniyatlari
2026-10-10 18:00:00 / Vazirlik yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi arxitektura va qurilish sohasi faxriylari kengashi boshchiligida talaba-yoshlarni vatanparvarlik, mehnatsevarlik ruhida tarbiyalash, ustoz-shogird yakdilligi usulida qo‘llab-quvvatlash maqsadida Toshkent davlat transport universitetida Qurilishda muhandislik qidiruvlari, geoaxborot va shaharsozlik kadastri loyiha ilmiy-tekshirish instituti (O‘ZGASHKLITI) rahbariyati ishtirokida “Rahbar va yoshlar uchrashuvi” bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida universitet talabalari uchun “O‘ZGASHKLITI” faoliyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi. Ishtirokchilar institutning asosiy faoliyat yo‘nalishlari, erishgan yutuqlari, muhandislik qidiruv ishlari sohasida qo‘llanilayotgan zamonaviy texnologiyalar, innovatsion yechimlar va amaliy ishlanmalar bilan tanishdilar.
Talabalarning o‘quv, ishlab chiqarish va ilmiy-tadqiqot amaliyotlarini o‘tashi, kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirishi, shuningdek, kelgusida institutda ishga joylashish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv davomida tomonlar yosh mutaxassislarni tayyorlash, ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish hamda o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarda kasbiy tajriba almashish istiqbollarini muhokama qildilar hamda tashkilotlar o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish va mustahkamlashga qaratilgan hamkorlik memorandumini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.




