Raqamlashtirish va sifat nazorati masalalari muhokama qilindi
2026-10-08 16:30:00 / Vazirlik yangiliklar

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari J.Arashov hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari J.Jabbarov ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda vazirlikning tegishli boshqarma va bo‘limlari, Davlat arxitektura nazorati departamenti hamda tizim tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda sohada raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, avvalo, tadbirkorlar uchun qulaylik va yengilliklar yaratish, xizmat ko‘rsatish jarayonlarini soddalashtirish hamda ortiqcha byurokratik bosqichlarni kamaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, raqamli yechimlardan foydalangan holda qurilish obyektlarida sifat nazoratini samarali tashkil etish, Davlat arxitektura nazorati departamenti va Nazorat inspeksiyasi o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yo‘lga qo‘yish va bu jarayonlarni yanada takomillashtirish bo‘yicha fikr almashildi.
“Raqamlashtirish jarayonlarining asosiy maqsadi tadbirkorlar uchun qulaylik yaratish, jarayonlarni soddalashtirish va shu bilan birga qurilish sifati ustidan samarali nazoratni ta’minlashdir. Bunda idoralar o‘rtasida ma’lumot almashinuvining tezkor va tizimli yo‘lga qo‘yilishi muhim”, — dedi J.Arashov.
Yig‘ilish yakunida muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriq va vazifalar belgilab berildi.





