Navoiyda qurilish ishlari: 298 ta obyekt foydalanishga topshirildi
2026-10-08 09:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Navoiy viloyatida qurilish, uy-joy, shaharsozlik hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar matbuot anjumanida muhokama qilindi.
Unda boshqarma va hokimlik masʼullari, jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, 2026-yilda viloyatda 559 ta obyekt qurilish va rekonstruksiya dasturlariga qamrab olingan boʻlib, ular uchun 2 trillion 734 milliard soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirilishi belgilangan. Bugungi kunga qadar belgilangan rejaning 73,9 foizi bajarilib, 298 ta obyekt foydalanishga topshirildi.
Qurilish ishlari investitsiya dasturlari doirasida ham izchil davom ettirilmoqda. Xususan, bu maqsadlar uchun 841,2 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirilib, ijtimoiy va infratuzilma obyektlarida ishlar olib borilmoqda. Ayni paytda Navoiy davlat universitetining 12 ming oʻrinli kampusi, yangi Viloyat kardiologiya dispanseri, “Yangi Navoiy” shaharchasi hamda “Yangi Oʻzbekiston” bogʻidagi yirik obyektlar qurilishi jadal davom etmoqda. Mazkur obyektlardagi ishlar 86,4 foizga yetkazilgan.
Aholini zamonaviy va qulay uy-joylar bilan taʼminlash yoʻnalishida ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Yil yakuniga qadar 5 706 xonadonli 66 ta koʻp kvartirali uyni qurib bitkazish rejalashtirilgan boʻlib, hozirga qadar 2 356 xonadonli 33 ta uy foydalanishga topshirildi.
Qurilish hajmini oshirish bilan bir qatorda, sohada shaffoflik va samaradorlikni taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish va yer ajratish jarayonlarini raqamlashtirish, ularning ochiqligi va shaffofligini taʼminlash boʻyicha ishlar olib borilmoqda.
Matbuot anjumanida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalariga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Maʼlum qilinishicha, elektr, gaz, issiqlik va suv taʼminoti tizimlarida mavsumni betalofat oʻtkazish uchun zarur zaxiralar yaratilgan.



