Qurilishda yangi davr: raqamlashtirish, sun’iy intellekt va yirik loyihalar
2026-10-02 19:30:00 / Vazirlik yangiliklar

So‘nggi yillarda qurilish sohasi mamlakatimiz iqtisodiyotining eng jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biriga aylandi. Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida tarmoqdagi boshqaruv tizimi tubdan takomillashtirildi, zamonaviy shaharsozlik tamoyillari joriy etildi, raqamli texnologiyalardan foydalanish kengaytirildi hamda investorlar uchun yanada qulay muhit yaratildi.
Mazkur o‘zgarishlarning samarasi, avvalo, aniq raqamlarda namoyon bo‘lmoqda. So‘nggi 9 yil davomida mamlakatimizda 210 mln kvadrat metrdan ortiq bino va inshootlar barpo etildi. Shuningdek, 647 ming xonadonni o‘z ichiga olgan
15 mingdan ortiq ko‘p qavatli uy-joylar foydalanishga topshirildi. Natijada yuz minglab oilalarning turmush sharoiti yaxshilanib, zamonaviy va qulay yashash muhitiga ega bo‘lish imkoniyati kengaydi.
Uy-joy qurilishida ham yuqori sur’atlar kuzatilmoqda. Xususan, o‘tgan yilning o‘zida 135 mingta xonadonga ega uy-joylar barpo etildi. Joriy yilda esa yana 140 mingta yangi kvartirani foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Uzoq muddatli istiqbolda, 2040-yilgacha mamlakatimizda yiliga quriladigan uy-joylar sonini 280 mingtaga yetkazish, “Yangi O‘zbekiston” massivlari sonini esa 61 tadan 120 taga ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.
Qurilish sohasining iqtisodiyotdagi o‘rni ham yildan-yilga ortib bormoqda. Qurilish ishlari hajmi 2016-yildagi 30 trln so‘mdan 314 trln so‘mga yetdi. Bugun qurilish sohasi iqtisodiy o‘sishni jadallashtiruvchi, yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiluvchi strategik yo‘nalishlardan biriga aylandi. Qurilish, qurilish materiallari sanoati hamda unga yondosh tarmoqlarda 3,5 mln nafardan ortiq fuqaro mehnat qilayotgani ham buning yaqqol dalilidir. Tarmoqdagi islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan yana biri — ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirishdir. Qurilishga ruxsat berish bosqichlari 3 barobar, jarayonlarning umumiy muddati esa 4 barobar qisqartirildi. Bu esa tadbirkor va investorlar uchun ortiqcha byurokratik to‘siqlarni kamaytirib, yangi loyihalarni qisqa muddatlarda amalga oshirish imkonini bermoqda.
Shu bilan birga, qurilish sohasida raqamli transformatsiya ham yangi bosqichga ko‘tarildi. “Shaffof qurilish” milliy axborot tizimi doirasida 25 ta zamonaviy axborot tizimi va elektron platforma ishga tushirildi. Qurilish va loyiha tashkilotlarining elektron reyting tizimi, davlat xaridlarining elektron tender platformasi hamda nazorat jarayonlarining raqamlashtirilishi sohada ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashning muhim mexanizmiga aylandi. Raqamlashtirishning amaliy natijalari ham salmoqli. Bugungi kunga qadar 72 mingdan ortiq elektron tender orqali 83,9 trln so‘mlik loyihalar amalga oshirildi va buning natijasida davlat budjetidan 4,2 trln so‘m mablag‘ iqtisod qilindi. Davlat qurilish nazorati tizimida ham zamonaviy yondashuvlar joriy etilmoqda. Bugungi kungacha 66 mingdan ortiq qurilish obyekti elektron ro‘yxatga olinib, 800 mingdan ziyod monitoring o‘tkazildi. Bu esa qurilish jarayonlarini real vaqt rejimida kuzatish, aniqlangan kamchiliklarni tezkor aniqlash va ularni o‘z vaqtida bartaraf etish imkonini bermoqda. Raqamli transformatsiyaning navbatdagi bosqichi sifatida sohada sun’iy intellekt yechimlarini joriy etish ishlari ham boshlandi. “Shaffof AI” ekotizimi orqali loyiha hujjatlarini avtomatik tahlil qilish, ekspertiza jarayonlarini raqamlashtirish va inson omilini kamaytirishga qaratilgan yangi mexanizmlar bosqichma-bosqich amaliyotga tatbiq etilmoqda. Qurilish sohasidagi islohotlar bilan bir qatorda, mamlakatimizda yirik bunyodkorlik va shaharsozlik loyihalari ham izchil amalga oshirilmoqda. Joriy yilda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi va Burhoniddin Marg‘inoniy turizm markazi kabi noyob madaniy-ma’rifiy inshootlarda qurilish va obodonlashtirish ishlarini yakunlashda fidoyi quruvchilarimizning hissasi alohida ahamiyat kasb etdi. Poytaxtimizdagi Yangi Toshkent, Toshkent viloyatidagi Nurafshon, Andijon viloyatidagi Bobur, Farg‘onadagi “Eko-shahar”, Samarqanddagi Shirin, Xorazmdagi “Al-Xorazmiy” shaharlari kabi yirik loyihalar esa mamlakatimizda shaharsozlikning yangi qiyofasini shakllantirmoqda. Mazkur loyihalarda zamonaviy muhandislik yechimlari, innovatsion texnologiyalar va “yashil” qurilish tamoyillariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Xorazm viloyatida 130,5 gektar maydonda barpo etilayotgan “Al-Xorazmiy” shaharchasi 8 ming o‘rinli IT universiteti, texnopark, innovatsiya markazlari hamda 5,7 mingdan ortiq xonadonga mo‘ljallangan zamonaviy turar joylarni o‘z ichiga oladi. Andijon viloyatida 4 ming gektar maydonni egallagan “Bobur” shahri esa 411 ming aholi uchun mo‘ljallangan. Bu yerda 40 ming xonadondan iborat 2 mingta ko‘p qavatli uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. Ayni paytda 3 940 xonadonli uylar hamda 40 dan ortiq savdo va servis obyektlari foydalanishga topshirilgan bo‘lib, shaharda 25 mingdan ziyod aholi istiqomat qilmoqda. Shuningdek, Boburiylar merosiga bag‘ishlangan tematik park ham barpo etilmoqda. Samarqand shahrida 665 gektar maydonda 60 ming aholiga mo‘ljallangan “Shirin” shahri, Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida 85 gektar hududda 60 ming aholi uchun zamonaviy shaharcha, Qo‘qonda 25 ming aholiga mo‘ljallangan yangi massiv, Marg‘ilonda 20 ming aholi uchun “Yangi O‘zbekiston” massivi hamda Burhoniddin Marg‘inoniy ilmiy-tadqiqot va turizm majmuasi, Qamashi tumanining 66 gektar hududida esa yangi turar joy hududi barpo etilmoqda.
Ushbu loyihalar doirasida nafaqat minglab zamonaviy xonadonlar, balki maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, poliklinikalar, universitetlar, ilmiy markazlar, biznes-inkubatorlar, mehmonxonalar, bog‘lar va zamonaviy dam olish maskanlari ham bunyod etilmoqda. Eng muhimi, mazkur yirik loyihalar aholining turmush sharoitini yaxshilash bilan birga, zamonaviy, qulay va barqaror shahar muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.

