1-oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni
2026-10-01 09:10:00 / Vazirlik yangiliklar

Aziz ustoz va murabbiylar!
Sizlarni 1-oktabr — Ustoz va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Ustoz — inson hayotida o‘chmas iz qoldiradigan, uning dunyoqarashi, bilim va tafakkurining shakllanishiga beqiyos hissa qo‘shadigan ulug‘ zotdir. Farzandlarimizga nafaqat bilim, balki Vatanga muhabbat, mehnatsevarlik, mas’uliyat va ezgu maqsadlar sari intilish tuyg‘ularini singdirayotgan fidoyi ustozlarning xizmatlari har qanday e’tirofga munosib.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, ustozni e’zozlagan, uning qadr-qimmatini yuksak tutgan jamiyat albatta taraqqiy etadi. Bugun mamlakatimizda ta’lim va tarbiya tizimini rivojlantirish, yosh avlod uchun zamonaviy va munosib sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasi ham bu ezgu maqsadlarning amaliy ifodasini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Zamonaviy, xavfsiz va qulay maktablar, maktabgacha ta’lim tashkilotlari, oliy ta’lim muassasalari hamda talabalar turar joylarini barpo etish — kelajak avlodga yaratilayotgan imkoniyatlarning muhim qismidir.
Vazirlik tizimida faoliyat yuritayotgan barcha mutaxassislar uchun ham ustoz va murabbiylarning bilim va tajribasi alohida qadrlanadi. Chunki har bir sohada, jumladan, qurilish va infratuzilma yo‘nalishida ham o‘z kasbining yetuk mutaxassislarini tarbiyalash, yosh kadrlarga tajriba va bilim berish mamlakatimiz taraqqiyotining muhim omilidir.
Fursatdan foydalanib, hayotini yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga bag‘ishlagan barcha ustoz va murabbiylarga, faxriy pedagoglarga, professor-o‘qituvchilarga hamda o‘zining bilim va tajribasini yosh avlod bilan baham ko‘rayotgan barcha fidoyi insonlarga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Sizlarga mustahkam sog‘lik, oilaviy xotirjamlik va farovonlik, sharafli faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar, shogirdlaringizning yutuq va kamolini ko‘rib yurish baxtini tilayman.
Bayramingiz muborak bo‘lsin!

Hurmat bilan
Sh.Hidoyatov Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri
