"Smart Samara" - kommunal sohada vertikal boshqaruv va nazoratning yangi raqamli mexanizmi
2026-09-29 21:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Bugun vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayevaga kommunal sohada respublika, hudud va tuman darajasidagi topshiriqlar ijrosini yagona tizim orqali nazorat qilishga xizmat qiluvchi “Smart Samara” platformasi taqdim etildi.
Bugungi kunda kommunal sohada samarali boshqaruvni ta’minlash uchun topshiriqlarning aniq yetkazilishi, joylardagi ijroning real holatini tezkor kuzatish va natijadorlikni yagona mezonlar asosida baholash muhim ahamiyatga ega. “Smart Samara” aynan shu jarayonlarni yagona raqamli platformaga birlashtirishga qaratilgan.
Platforma orqali respublika darajasida berilgan topshiriqning viloyat va tuman bosqichlaridagi ijrosini kuzatish, mas’ul ijrochilarni belgilash, bajarilgan ishlar natijasini bosqichma-bosqich qabul qilish hamda har bir xodimning ish samaradorligini KPI asosida baholash imkoniyati yaratiladi.
Bu esa kommunal sohadagi vertikal boshqaruvni mustahkamlash, topshiriqlar ijrosida shaxsiy mas’uliyatni oshirish, ish intizomini kuchaytirish va hududlardagi real holatni tezkor nazorat qilish imkonini beradi.
“Kommunal sohada natijadorlik, avvalo, topshiriqning joylardagi ijrosi bilan belgilanadi. Shuning uchun har bir topshiriq qayerda, kim tomonidan va qanday natija bilan bajarilayotganini aniq ko‘rishimiz kerak. “Smart Samara” ushbu jarayonni yagona raqamli tizimda nazorat qilish va boshqaruv samaradorligini oshirish uchun muhim vosita bo‘ladi”, — dedi Ozoda Jo‘rayeva.
Platformani joriy etish orqali kommunal sohada “topshiriq — ijro — nazorat — natija” tamoyili asosida ishlaydigan yagona raqamli boshqaruv mexanizmini shakllantirish ko‘zda tutilmoqda.




