“Aquatherm Tashkent 2026” 14-xalqaro ko‘rgazmasi
2026-09-18 15:00:00 / Vazirlik yangiliklar

2026-yil 6–8-oktabr kunlari Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuasida “Aquatherm Tashkent 2026” — isitish, ventilyatsiya, konditsionerlash, suv ta’minoti, santexnika, basseynlar, ekologiya va qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasi bo‘yicha 14-xalqaro ko‘rgazma bo‘lib o‘tadi.
Mazkur ko‘rgazma O‘zbekistonda HVAC (isitish, ventilyatsiya, konditsionerlash va iqlim texnologiyalari) yo‘nalishidagi yagona yirik ixtisoslashtirilgan xalqaro maydon bo‘lib, unda soha yangiliklari, zamonaviy texnologiyalar hamda innovatsion yechimlar namoyish etiladi. Tadbir ishlab chiqaruvchilar, dilerlar, distribyutorlar va soha yetakchi mutaxassislarini bir joyga jamlaydi. Ko‘rgazma ishtirokchilar o‘rtasida tajriba almashish, yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda biznes imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Ko‘rgazmaning zamonaviy muhandislik tarmoqlari va kommunal infratuzilmani rivojlantirishdagi muhim ahamiyatini inobatga olgan holda, ushbu tadbirda ishtirok etish O‘zbekiston Respublikasining qurilish va energetika sohasi bo‘yicha kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlari, shuningdek, muhandislik yo‘nalishidagi mutaxassislar uchun muhim va dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Soha vakillari va tadbirkorlarni “Aquatherm Tashkent 2026” xalqaro ko‘rgazmasiga taklif etamiz.
