80 ga yaqin murojaat individual tartibda o‘rganildi
2026-09-17 17:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Toshkent shahar Qurilish bosh boshqarmasida o'tgan navbatdagi qabul davomida fuqarolar va tadbirkorlarning 80 ga yaqin murojaati ko‘rib chiqildi. Ular orasida qurilish ishlarini boshlash uchun ruxsat olish, yer uchastkasini xususiylashtirish, qizil chiziqlar chegaralarini aniqlashtirish, konservatsiya va renovatsiya hududlaridagi cheklovlar, qo‘shni hududlarda olib borilayotgan qurilishlardan norozilik, loyiha hujjatlaridagi kamchiliklar hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bilan bog‘liq masalalar o‘rin oldi.
Murojaatlarning har biri alohida o‘rganilib, fuqarolarga amaldagi tartib-taomillar yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, zarur hujjatlarni to‘ldirish hamda keyingi bosqichlarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar bo‘yicha tegishli tavsiyalar bildirildi.
Ko‘tarilgan masalalarning aksariyatiga qabulning o‘zida asoslantirilgan javoblar berildi. Boshqa vakolatli idoralar ishtirokini talab etadigan murojaatlar tegishliligi bo‘yicha yo‘naltirilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.
Qo‘shimcha o‘rganishni talab etgan masalalardan biri bo‘yicha mutaxassislar ishtirokida joyiga chiqib o‘rganish belgilandi.
Qabul yakunida fuqarolar bildirilgan e’tibor va berilgan amaliy tushuntirishlardan mamnun ekanini ta’kidladi.
Bunday qabullar aholining soha bilan bog‘liq muammo va takliflarini bevosita o‘rganish, mavjud masalalarga tezkor va qonuniy yechim topishga xizmat qilmoqda.




