Iqlimga moslashuvchan va barqaror shaharsozlik bo‘yicha hamkorlik muhokama qilindi
2026-09-17 13:10:00 / Vazirlik yangiliklar

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari BMT Taraqqiyot dasturi vakillari, xalqaro ekspertlar hamda Yaponiyaning shaharsozlik va infratuzilmani rivojlantirish sohasida ixtisoslashgan “UR Linkage Co., Ltd.” kompaniyasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlarda qurilish va shaharsozlik sohalarining iqlim o‘zgarishiga moslashuvchanligini oshirish, energiya samarador binolarni barpo etish, mavjud bino va inshootlarni modernizatsiya qilish hamda zamonaviy issiqlik izolyatsiyasi hamda energiya tejamkor materiallardan foydalanishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, xalqaro tajriba asosida barqaror infratuzilma va ekologik yechimlarni joriy etish, yashil hududlarni kengaytirish, yomg‘ir suvlarini samarali boshqarish, yashil tom va devorlarni rivojlantirish, sel va toshqinlar xavfini kamaytirish hamda qurilishning atrof-muhitga ta’sirini qisqartirish bo‘yicha fikr almashildi.
Uchrashuvlar yakunida ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish, ekspertlar va texnik ma’lumotlar almashinuvini davom ettirish hamda O‘zbekiston sharoitiga mos amaliy va pilot loyihalarni birgalikda amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga kelishib olindi.



