Boshqaruv organlari faoliyatiga tanqidiy baho berildi
2026-09-12 20:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva bugun Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgan boshqaruv organlari ishini tanqidiy o‘rgandi.
Dastlab, “Eco home 777” BSK boshqaruvidagi 24 ta ko‘p kvartirali uyning holati ko‘zdan kechirildi. Uylar atrofining qarovsizligi, obodonlashtirish ishlari talab darajasida emasligi va hududlarda tartib-intizomning yetarli emasligi tanqid qilindi.
Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, BSK faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmat sifatini oshirish bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shundan so‘ng “Yashil makon” BSK faoliyati ham o‘rganilib, obodonlashtirish ishlari va fuqarolar murojaatlari bilan ishlashdagi kamchiliklarga e’tibor qaratildi.
— Sohaga qancha mablag‘ va investitsiya jalb qilinmasin, agar xizmat sifati yaxshi bo‘lmasa, aholi ishonchini yo‘qotasiz. Shuning uchun boshqaruv organining asosiy vazifasi — aholiga sifatli va mas’uliyatli xizmat ko‘rsatish, — dedi Ozoda Jo‘rayeva.
Shuningdek, murojaatlar asosida fuqarolar bilan uchrashuv o‘tkazilib, ularning muammolari bevosita joyida tinglandi.
Muloqot davomida Ozoda Jo‘rayeva ko‘p kvartirali uyning kelajagi va uni boshqarish masalasida yakuniy tanlov huquqi mulkdorlarning o‘ziga tegishli ekanini yana bir bor ta’kidladi.
— Qonunchilikda belgilangan tartibga ko‘ra, uy mulkdorlari BSK, shirkat yoki o‘zini o‘zi boshqarish shakllaridan birini tanlash huquqiga ega. Biz aholiga sifatli xizmat ko‘rsatayotgan barcha boshqaruv organlarini qo‘llab-quvvatlaymiz. Eng muhimi, fuqarolarning huquqi va manfaatlari ta’minlanishi kerak, — deya ta’kidladi vazir o‘rinbosari.




