Pop tumanidagi 46-maktab zamonaviy qiyofaga keltirildi
2026-09-10 19:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Toir Alimatov Namangan viloyatining Pop tumanida ijtimoiy soha obyektlarida yaratilgan sharoitlar va amalga oshirilgan qurilish-ta’mirlash ishlari bilan tanishdi.
Tashrifning dastlabki manzili “Chig‘anoq” MFY hududidagi 46-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi bo‘ldi.
Bu yerda maktab binosi ta’mirlanib, ta’lim olish uchun zarur sharoitlar yaxshilandi, hudud va mavjud infratuzilma zamonaviy talablar asosida tartibga keltirildi. Bajarilgan ishlar bilan bir qatorda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining holati ham o‘rganildi.
Maktabning ichimlik suvi ta’minotida esa qo‘shimcha yechim talab etiladigan masala aniqlandi. Xususan, mavjud suv saqlash minorasidan maktabga ichimlik suvi tarmog‘ini ulash bo‘yicha vazifalar belgilandi. Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Vazir o‘rinbosari ijtimoiy soha obyektlarini yangilashda nafaqat bino va hududni obodonlashtirish, balki ularning to‘laqonli faoliyatini ta’minlaydigan muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasiga ham alohida e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi.



