“Ogoh fuqaro” ilovasi yuzasidan munosabat
2026-08-26 16:30:00 / Rasmiy munosabat

“Ogoh fuqaro” mobil ilovasining ishga tushirilishi fuqarolarning noqonuniy qurilishlar to‘g‘risidagi murojaatlarini qabul qilishning yana bir qulay mexanizmini yaratishga qaratilgan.
Shu bilan birga, fuqarolar tomonidan ko‘tarilayotgan asosiy savol — murojaat yuborilgandan keyin u bilan nima bo‘lishi, qanday choralar ko‘rilishi va natijasi haqida murojaat muallifiga qanday ma’lumot berilishidir.
Vazirlik ushbu masalaga alohida e’tibor qaratadi. Ilovaning asosiy vazifasi faqat murojaatlarni yig‘ish emas, balki ularni tegishli tartibda ko‘rib chiqish, aniqlangan holatlar bo‘yicha qonunchilikda belgilangan choralarni ko‘rish hamda jarayonni nazorat qilish imkonini yaratishdan iborat.
“Ogoh fuqaro” orqali kelib tushgan murojaatlar tegishli vakolatli tashkilot va mutaxassislar tomonidan o‘rganiladi. Noqonuniy qurilish holati tasdiqlangan taqdirda, amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli choralar ko‘riladi.
Shuningdek, murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayoni va natijadorligini ta’minlash masalasi vazirlik tomonidan nazoratga olinadi. Fuqarolarning murojaati e’tiborsiz qolmasligi, aksincha, muayyan natijaga olib kelishi mazkur tizimning asosiy mezonlaridan biridir.
Vazirlik jamoatchilik nazoratini shaharsozlik sohasida qonuniylikni ta’minlashning muhim vositalaridan biri sifatida baholaydi. Shu sababli fuqarolardan aniqlangan noqonuniy qurilish holatlari haqida xabar berish bilan birga, bunday murojaatlarni ko‘rib chiqish samaradorligi yuzasidan bildirilayotgan fikr va takliflarni ham kutib qoladi.
