Mustaqillik bayramini munosib kutib olishga alohida e’tibor qaratildi
2026-08-25 09:10:00 / Vazirlik yangiliklar

Vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva ishtirokida ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv organlari hamda soha mutaxassislari bilan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda mustaqilligimizning 35 yillik yubileyini munosib kutib olish, bayram arafasida ko‘p kvartirali uylar va ularning tutash hududlarini obodonlashtirish, infratuzilma obyektlarini tartibga keltirish hamda aholiga qulay sharoit yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
“Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi” doirasida hududlarda amalga oshirilayotgan ishlar qayd etildi. Hozirga qadar qariyb 800 ta ko‘p kvartirali uy ta’mirlandi, 12 mingdan ortiq ko‘cha va 15 ming gektarga yaqin tutash hudud obodonlashtirildi. Hududlardan 10 ming tonnadan ortiq chiqindi olib chiqildi.
— Ko‘p kvartirali uylarda yashovchi 7 million nafardan ortiq fuqarolarning bayramni ko‘tarinki ruhda o‘tkazishi biz — kommunal soha xodimlariga bevosita bog‘liq. Shu bois Mustaqilligimizning 35 yillik yubileyini munosib kutib olish bilan birga, aholiga qulay va farovon sharoit yaratish uchun har birimiz o‘z vazifamizga yanada mas’uliyat bilan yondashishimiz lozim, — dedi Ozoda Jo‘rayeva.
Shuningdek, videoselektor davomida ko‘p kvartirali uylarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash, ta’mirlash-tiklash loyihalarini dastur asosida amalga oshirish, Prezident va Hukumat topshiriqlari ijrosini ta’minlash masalalariga ham e’tibor qaratildi.
Ayrim hududlarda ishlarning bajarilishida sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilinib, mas’ullarga belgilangan muddatlarga qat’iy rioya qilish va ta’mirlash-tiklash ishlarini sifatli yakunlash bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Yakunida bayram arafasida 24/7 navbatchilikni yo‘lga qo‘yish, fuqarolar murojaatlarini tezkor hal etish, ko‘p kvartirali uylar va tutash hududlarda obodonlashtirish ishlarini davom ettirish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi.





