O‘zbekistonda qurilish standartlarini Yevrokodlar asosida takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda
2026-08-24 19:00:00 / Vazirlik yangiliklar

24-28-avgust kunlari Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Texnik me’yorlash va standartlashtirish ilmiy-tadqiqot instituti rahbariyati hamda Yevrokodlarni joriy etish yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun TAIEX INTPA Expert Mission doirasida xalqaro master-klass tashkil etilmoqda.
Tadbirda Ruminiyaning ASRO — Ruminiya standartlashtirish tashkiloti ekspertlari ishtirok etib, Yevrokodlarni O‘zbekistonning milliy qurilish tizimiga joriy etish masalalari bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashadi.
Seminar davomida Yevrokodlarni milliy qurilish tizimiga joriy etish, milliy ilovalar hamda milliy parametrlarni shakllantirish, amaldagi qurilish standartlarini uyg‘unlashtirish va tegishli institutsional mexanizmlarni takomillashtirish masalalari muhokama qilinmoqda.
TAIEX xalqaro ekspertlari Yevrokodlarni joriy etayotgan mamlakatlarga ekspertlik va metodik ko‘mak ko‘rsatib, milliy yo‘l xaritalarini ishlab chiqish, standartlarni uyg‘unlashtirish hamda Yevropa amaliyotini milliy tizimga integratsiya qilish bo‘yicha tavsiyalar beradi.
Mazkur ekspertlar missiyasi O‘zbekistonda zamonaviy, xavfsiz va xalqaro talablarga mos qurilish normalari va standartlarini shakllantirish, Yevrokodlarni bosqichma-bosqich milliy qurilish tizimiga joriy etish hamda sohaning texnik-me’yoriy bazasini yanada takomillashtirish yo‘lidagi muhim amaliy qadamlardan biridir.




