Milliy qadriyatlarga asoslangan davlat xizmati
2026-08-21 13:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Bugun O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Qurilish va uy-joy kommunal xo'jaligi vazirligida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan amalga oshirilayotgan “Milliy qadriyatlarga asoslangan davlat xizmati” loyihasi doirasida seminar-trening bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirdan maqsad davlat xizmatchilarining milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat hamda sadoqatini yanada mustahkamlashdan iborat.
Maxsus ishlab chiqilgan dastur asosida tashkil etilgan seminar-treningda yuqori malakali ekspertlar tomonidan davlat xizmatining muhim jihatlari bo‘yicha fikr va tavsiyalar berildi.
Dastlab Yoshlar muammolarini o'rganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti direktori o'rinbosari Yunusov Alisher Bobomurodovich o'z ma’ruzasida fuqarolarning davlat xizmatchilariga bo‘lgan ishonchi, uni mustahkamlash omillari hamda davlat xizmatchisining jamiyat oldidagi mas’uliyati haqida so‘z yuritdi.
Qadriyatlarga asoslangan boshqaruv va yetakchilik tamoyillari, rahbar va xodim faoliyatida milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarning o‘rni haqida Rahbar kadrlarni baholash markazi loyiha koordinatori Umarova Nigora Telmonovna ishtirokchilar bilan fikr almashdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruv akademiyasi tarkibidagi Gumanitar va ijtimoiy fanlar maktabi dekan muovini Inagamova Lola Usmanbekovna esa davlat xizmatchilarining psixologik farovonligi, ish jarayonidagi ruhiy barqarorlik va ish hamda shaxsiy hayot muvozanatini ta’minlash masalalariga e’tibor qaratdi.
Seminar davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan ekspertlarga murojaat qilib, tadbirdagi mavzular yuzasidan mulohazalarini bildirdilar.
Albatta, bu kabi treninglar davlat xizmatchilarining kasbiy va shaxsiy kompetensiyalarini rivojlantirish, fuqarolar bilan ochiq hamda ishonchli muloqotini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, zamonaviy va qadriyatlarga asoslangan davlat xizmatini shakllantirishga xizmat qiladi.





