Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida belgilangan vazifalar ijrosi tahlil qilindi
2026-08-21 11:00:00 / Vazirlik yangiliklar

2026-yil birinchi yarim yilligi yakunlari: Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida belgilangan vazifalar ijrosi tahlil qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Tadbirkorlik, raqobatni rivojlantirish va sanoat masalalari qo‘mitasida vazirlik tomonidan 2026-yilning birinchi yarim yilligida budjet va budjetdan tashqari mablag‘larining sarflari hamda rivojlantirish dasturi maqsadli indikatorlarining bajarilishi holati to‘g‘risidagi hisoboti muhokama qilindi.
Hisobot davrida vazirlik tomonidan sohani rivojlantirish, aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal xizmatlar sifatini oshirish, issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish hamda shaharsozlik sohasidagi normativ bazani xalqaro talablarga uyg‘unlashtirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, belgilangan maqsadli indikatorlar ijrosi doirasida 1 615 ta xonadon issiqlik ta’minoti bilan qamrab olindi, 71,8 km uzunlikdagi issiqlik ta’minoti tarmoqlari rekonstruksiya qilindi, shuningdek, 3 ta issiqlik qozonxonasi modernizatsiya qilindi.
Mazkur ishlar aholi uchun issiqlik ta’minoti xizmatlarining barqarorligi va sifatini oshirish, eskirgan infratuzilmani yangilash hamda energiya resurslaridan samarali foydalanishni ta’minlashga qaratilgan.
Shu bilan birga, shaharsozlik faoliyati sohasida normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha ham tizimli ishlar davom ettirildi. Joriy yilda mazkur yo‘nalishda 6 ta yo‘nalish bo‘yicha 221 ta normativ hujjatni takomillashtirishni nazarda tutuvchi manzilli ro‘yxat shakllantirildi.
Shaharsozlik normalari va qoidalarini xalqaro normativlar hamda standartlarga uyg‘unlashtirish maqsadida hisobot davrida 4 ta milliy qurilish normasi, 4 ta Yevrokod hamda 81 ta standartni ishlab chiqish ishlari yakunlandi. Ayni paytda 132 ta texnik normativ hujjatni ishlab chiqish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Majlis davomida vazirlik tomonidan ajratilgan budjet va budjetdan tashqari mablag‘lardan foydalanish samaradorligi, belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarning ijrosi hamda amalga oshirilgan ishlar natijadorligi atroflicha muhokama qilindi.
Deputatlar tomonidan, xususan, aholini issiqlik ta’minoti bilan qamrab olish ko‘lamini kengaytirish, issiqlik qozonxonalari va tarmoqlarini modernizatsiya qilish ishlarini jadallashtirish, ajratilgan mablag‘lardan samarali va maqsadli foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Vazirlik tomonidan bildirilgan taklif va tavsiyalar inobatga olingan holda, hisobot davrida erishilgan natijalar bilan bir qatorda, mavjud masalalarni bartaraf etish va kelgusidagi ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilab olindi.
Shuningdek, budjet mablag‘laridan foydalanishda natijadorlik va samaradorlik mezonlarini yanada kuchaytirish, amalga oshirilayotgan loyihalarning aholi va hududlar uchun amaliy natijasini baholash, maqsadli indikatorlar ijrosini tizimli monitoring qilish hamda hisobotlarda natijalarni yanada aniq va tahliliy ko‘rinishda aks ettirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Vazirlik kelgusida ham ajratilgan mablag‘lardan oqilona va samarali foydalanish, sohada belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlarga to‘liq erishish, aholi uchun qulay va sifatli kommunal xizmatlarni ta’minlash hamda qurilish sohasida zamonaviy va xalqaro standartlarga mos normativ bazani shakllantirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiradi.



