Vazirligida “Ibrat farzandlari” loyihasi hamda “Ibrat Academy” platformasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi
2026-08-20 16:30:00 / Vazirlik yangiliklar

Bugun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida “Ibrat farzandlari” loyihasi hamda “Ibrat Academy” platformasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda vazirlikning xorijiy tillarni o‘rganishga qiziqishi yuqori bo‘lgan xodimlari ishtirok etdi.
Taqdimot davomida “Ibrat farzandlari” loyihasining maqsad va vazifalari, shuningdek, “Ibrat Academy” orqali xorijiy tillarni mustaqil va onlayn shaklda o‘rganish imkoniyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Platforma foydalanuvchilarga ishdan ajralmagan holda bilim olish, til ko‘nikmalarini rivojlantirish va mavjud bilimlarini mustahkamlash uchun qulay imkoniyat yaratadi.
Tadbir davomida ishtirokchilar “Ibrat Academy”ning imkoniyatlari, ta’lim jarayoni va platformadan samarali foydalanish bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Spikerlar esa mutaxassislarning savollariga atroflicha javob berib o‘tdilar.
Tadbir yakunida platformani davlat xizmatchilari uchun yanada qulay va samarali qilish, platformaning imkoniyatlarini kengaytirish hamda ta’lim jarayonini takomillashtirish bo‘yicha taklif va mulohazalar muhokama qilindi.
Bugungi kunda xorijiy tillarni bilish — zamonaviy davlat xizmatchisi uchun muhim ko‘nikmalardan biri. Bunday loyihalar esa xodimlarning bilim va salohiyatini oshirish, yangi imkoniyatlarni o‘zlashtirish hamda professional rivojlanishiga xizmat qiladi.
Zero, bilim olishga intilish — kelajakka qo‘yilgan eng yaxshi sarmoya hisoblanadi!





