Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2026-08-20 11:00:00 / Vazirlik yangiliklar

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida Xitoyning “Zhongjin Guotai Group” kompaniyasi boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot avvalida vazirlik vakillari O‘zbekistonda qurilish ko‘lamini kengaytirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish, energiya samaradorligini oshirish, shuningdek, sohaga xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Delegatsiya rahbari, “Zhongjin Guotai Industrial Development Co., Ltd.” vitse-prezidenti Yin Beyszin kompaniyaning faoliyati hamda investitsiyaviy salohiyati bilan tanishtirdi. Qayd etilganidek, kompaniya infratuzilma obyektlarini bosh pudrat asosida qurish, sanoat parklariga investitsiya kiritish, ularni rivojlantirish, barpo etish va boshqarish yo‘nalishlarida faoliyat yuritadi.
Uchrashuvda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va kommunal infratuzilma obyektlarini qurish, rekonstruksiya hamda modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, loyihalarni EPC bosh pudratchiligi va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlari asosida amalga oshirish imkoniyatlariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, uy-joy massivlari, issiqlik ta’minoti va boshqa kommunal infratuzilma obyektlarida energiya samaradorligini oshirish, energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or muhandislik yechimlarini O‘zbekiston sharoiti hamda amaldagi texnik talablar asosida qo‘llash, istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.



