Mavsumga oldindan tayyorgarlik — muammolarning oldini oladi
2026-08-19 10:30:00 / Vazirlik yangiliklar

Sovuq kunlar hali oldinda. Ammo ko‘p qavatli uylarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari bugunning o‘zida davom etmoqda. “Qish g‘amini yozda ye”, - degan gap bejiz aytilmagan. Muammoni qish kelgach izlagandan ko‘ra, uning oldini oldindan olgan ma’qul.
Samarqand viloyatidagi ko‘p qavatli uylarni 2026-2027-yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar joylarda o‘rganilmoqda.
Navbatdagi manzil — Samarqand shahrining Sartepo maskanidagi 9 va 13-sonli ko‘p qavatli uylar. O‘rganish ishlari Samarqand viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – bosh muhandis Dadaxon Bozorov boshchiligida mas’ullar ishtirokida olib borildi.
Mazkur uylarga xizmat ko‘rsatuvchi “Bio-Tex-Service” BSK tomonidan ayni kunlarda qator ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. 13-sonli uyda fasad, 9-sonli uyda esa kirish yo‘laklarini ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Ali Qushchi ko‘chasidagi 19-sonli uyda esa tom qismidagi ta’mirtalab joylar aniqlanib, ayni issiq kunlardan foydalanib, ularni maxsus izolyatsiya qilish ishlari olib borilmoqda.
O‘rganish davomida nafaqat bajarilgan, balki hozirda ketayotgan ishlarning sifati va bajarilish holatiga ham e’tibor qaratildi. Mas’ullarga ishlarni sifatli yakunlash, aniqlangan kamchiliklarni vaqtida bartaraf etish hamda belgilangan manzillardagi ishlarni oxiriga yetkazish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
▪️Chunki uy-joy kommunal sohasida “qildik” degan hisobotdan ko‘ra, qish kelganda odamlarning xotirjam yashashi muhim. Bugun ko‘rilgan chora — ertangi muammoning oldini oladi. (https://t.me/samvilqurilish)


