Korrupsiyaga qarshi kurashish — har bir xodimning mas’uliyati
2026-08-14 09:30:00 / Vazirlik yangiliklar

Andijon viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish bo'limi bosh mutaxassisi Sh.Qo‘chqorov, boshqarma boshlig'i F.Alijonov hamda boshqarma apparati, shahar va tuman xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashish faqat qonunbuzarlik sodir etilgandan keyin chora ko‘rish emas, balki uning oldini olishdan boshlanishi ta’kidlandi.
Xodimlarga xizmat faoliyatida qonuniylik, ochiqlik va halollik tamoyillariga qat’iy rioya qilish, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik hamda mansab vakolatlaridan shaxsiy manfaat uchun foydalanmaslik bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida davlat xaridlari, tenderlar, qurilish obyektlari, texnik nazorat, pudrat tashkilotlari bilan ishlash va kommunal xizmatlar ko‘rsatish kabi jarayonlarda korrupsiyaviy xavflarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilishi qayd etildi.
Shuningdek, fuqarolar murojaatlarini xolis ko‘rib chiqish, davlat mablag‘lari va mol-mulkidan samarali foydalanish, noqonuniy xatti-harakatlarga nisbatan murosasiz munosabatda bo‘lish har bir xodimning vazifasi ekani ta’kidlandi.
Tadbir yakunida korrupsiyaviy xavflarni muntazam aniqlash va bartaraf etish, ichki nazoratni kuchaytirish hamda xodimlarning bu boradagi mas’uliyatini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.
Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish alohida bo‘lim yoki mas’ul xodimning emas, tizimdagi har bir xodimning vazifasidir. Halollik va qonuniylik esa kundalik faoliyatimizning asosiy mezoni bo‘lishi kerak.





