Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (Rasmiy munosabat)
2026-08-12 21:50:00 / Rasmiy munosabat

Kun.uz saytida “Qurilishdagi samarasiz nazorat: Newport misolida tizimli muammoga nazar” sarlavhali material eʼlon qilindi. Unda qurilish sohasidagi nazorat, noqonuniy obyektlar, masʼullarning javobgarligi hamda bunday uylardan xonadon sotib olgan fuqarolar huquqlari muhokama qilingan.
Materialda Newport majmuasi misolida qurilishga masʼul davlat organlari tomonidan yetarli nazorat oʻrnatilmagani haqida fikrlar bildirilgan.
Shuni maʼlum qilamizki, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tomoidan bir muddat avval eʼlon qilingan maʼlumotlar obyektdagi qoidabuzarliklar nazoratsiz qoldirilmaganini koʻrsatadi.
Yakkasaroy tumanida “MEGA LOGISTICHS SERVICHE” MCHJ tomonidan qurilayotgan Newport majmuasi jami 9 ta blokdan iborat. Ularning 3 tasi boʻyicha Arxitektura va shaharsozlik kengashi ishchi organining ijobiy xulosasi hamda tegishli ekspertiza xulosalari mavjud. Ushbu bloklarda qurilish-montaj ishlarini boshlash Toshkent shahar hududiy nazorat inspeksiyasida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan.
Qolgan 6 ta blokda esa qurilish-montaj ishlari Inspeksiyadan belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilmasdan olib borilayotgani nazorat tadbirlari davomida aniqlangan.
Aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan buyurtmachi — “MEGA LOGISTICHS SERVICHE” MCHJga bir necha marta bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar berilgan. Kompaniyadan qurilishni tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlari asosida davom ettirish va obyektlarni Inspeksiyadan tegishli tartibda roʻyxatdan oʻtkazish talab qilingan.
Biroq koʻrsatmalarda belgilangan talablar bajarilmagan. Natijada kompaniyaning masʼul mansabdor shaxslari maʼmuriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, buyurtmachining texnik nazoratchisiga nisbatan taqdimnoma kiritilib, tegishli taʼsir choralari qoʻllangan.
Bu bilan choralar cheklanib qolmagan. Inspeksiya toʻplagan hujjatlar qoidabuzarliklarga huquqiy baho berish va qonunchilikda belgilangan choralarni koʻrish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan.
Aynan mana shu bosqichda jamoatchilikka mazkur xabarlar eʼlon qilingan va uning ortidan turli mulohazalar paydo boʻlgan.
Shu nuqtayi nazardan, Newport majmuasidagi qurilishlar nazorat organlari tomonidan umuman eʼtiborsiz qoldirilgan, degan xulosa holatning barcha jihatlarini toʻliq aks ettirmaydi. Obyektdagi qoidabuzarliklar aniqlangan, buyurtmachiga majburiy koʻrsatmalar berilgan, masʼul shaxslar javobgarlikka tortilgan va materiallar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etilgan.
Shu oʻrinda vazirlik qurilish sohasida ruxsat berish va kelishuv jarayonlarini yanada soddalashtirish, inson omilini qisqartirish, jarayonlarni raqamlashtirish va nazorat mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettirmoqda.
Bundan tashqari Vazirlar mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi jamoatchilikni qurilish sohasida aniqlangan qoidabuzarliklar boʻyicha koʻrilayotgan choralar haqida belgilangan tartibda xabardor qilib boradi.
