Ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish sohasidagi masalalar muhokama qilindi
2026-08-11 12:30:00 / Vazirlik yangiliklar

Vazirlikda ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatish sohasidagi mavjud masalalar, xususan, amaldagi qonunchilik hamda "Mening uyim" billing tizimini takomillashtirish bilan bog‘liq jihatlar muhokama qilindi.
Uchrashuvda vazir o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva boshchiligidagi mas'ullar, o‘zini o‘zi boshqarish organi rahbari va jamoatchilik faoli Maksim Chernikov hamda uy-joy mulkdorlari shirkati rahbari Igor Petrichenko ishtirok etdi.
Muloqot davomida sohadagi mavjud holat, uchrayotgan masalalar va ularni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, davlatimiz rahbarining 48-son qarorini qo‘llash amaliyoti hamda "Mening uyim" billing tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha bir qator takliflar ilgari surildi.
Bildirilgan takliflar vazirlik mutaxassislari bilan birgalikda muhokama qilinib, ularni belgilangan tartibda o‘rganish hamda maqbul deb topilgan takliflarni tegishli jarayonlarda inobatga olish bo‘yicha kelishib olindi.
Ozoda Jo‘rayeva sohadagi muammolarni hal etishda bevosita uy-joylarga xizmat ko‘rsatish jarayonida ishtirok etayotgan subyektlar va jamoatchilik vakillarining fikr-mulohazalari muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi. Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda sohadagi mavjud ehtiyoj va takliflarni atroflicha o‘rganish zarurligini qayd etdi.
Uchrashuv yakunida bildirilgan takliflarni o‘rganish, ularning maqbul jihatlarini sohani takomillashtirish jarayonlarida qo‘llash bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.




